Suriya hukumatida bo'linish?

  • Amerika Ovozi

Prezident Bashar al-Assad 21-avgust kuni Damashq yaqinida sodir etilgan kimyoviy hujumda yetakchi harbiylarini ayblayotgan bo'lishi hech gapmas.

Prezident Bashar al-Assad 21-avgust kuni Damashq yaqinida sodir etilgan kimyoviy hujumda yetakchi harbiylarini ayblayotgan bo'lishi hech gapmas.

Suriya prezidenti Bashar al-Assad Rossiya qistovi bilan kimyoviy qurollarini xalqaro hamjamiyatga topshirishga rozi bo'ldi. Assad qo'li ostidagi ayrim harbiylarga bu taklif ma'qul emasday. Ammo Eron va Rossiya bosimi ostida Suriya bo'ysunishga majbur.


Joriy haftada Assad Kreml olg'a surgan tashabbusni qabul qilganini eshitgan oddiy fuqarolar yengil tortdi. AQShning qurolli hujumi haqidagi tahdidlar o'rniga odamlar yana diplomatiya haqida gapira boshladi. Obama ma'muriyati Suriya hukumatini aholiga qarshi zahar qo'llashda ayblab, Assadni havodan o'qqa tutmoqchi edi.
Vashingtonda asoslangan Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi olimi Aram Nerguzyan nazarida kompromissga qarshilar diplomatiyani rad etishi mumkin.

"Tuzum ichida tortishuvlar bo'lsa ajabmas. Masalan, xavfsizlik kuchlari kimyoviy qurollarni birovga berib qo'yishni xohlamasligi mumkin", - deydi u.

Karnegi tahlil markazidan Yezid Sayig ham shu fikrda:

"Ayrim rasmiylar kimyoviy qurolni qo'ldan boy berish xatarli, deb hisoblaydi".

Assad hukumati tashqi dunyo uchun yopiq ekan, aniq sharh berish mushkul, deya tan oladi u. Sayig taminicha, prezident 21-avgust kuni Damashq yaqinida sodir etilgan kimyoviy hujumda yetakchi harbiylarini ayblayotgan bo'lishi hech gapmas. Voqea 1400 dan ko'p odamni, jumladan, ayollar va bolalarni hayotdan olib ketgan.

Assad hodisada isyonchilarni ayblab, bunga umuman aloqasi yo'qligini ta'kidlaydi. Amerika hukumati ishonchi komilki, hamla Suriya rahbariyatining ishi.

Inson huquqlari tashkilotlari oxirgi ikki yilda mamlakatda ommaviy qirg'in quroli bir necha bor qo'llanganini da'vo qiladi. Lekin shu paytgacha zaharli moddalar faqat kichik ko'lamda sochilib, oz sonli talofatlar ko'rildi.

Ayrim ekspertlar deydiki, Damashq yaqinidagi hujumga doir dalillar mavhum. Ob-havo, xususan, shamol va chang-to'zon ta'sirida qancha kimyoviy modda ishlatilganini aniq aytish qiyin.

Assad bundan foydalanib, hamma aybni harbiylarga, epsiz askarlarga to'nkashi ehtimoldan xoli emas, deydi Sayig.

"Assad voqeada va talofatlarda armiyani ayblashi mumkin. Endi shu xatoni to'g'rilash, murosaga borish zarur, deyishi mumkin",- deydi olim.

Xalqaro muzokaralar davom etar ekan, ayrim tahlilchilar nazarida, Suriya xavfsizlik kuchlari Assadni AQShga qarshi chiqishga ko'ndirishga urinadi. Mayli, Amerika o't ochsin, hujumga tegishli javob beramiz, deyayotgan bo'lishi mumkin.

Ammo Nerguzyan so'zlariga ko'ra, Suriyaning kuchli ittifoqchilari Rossiya va Eron bunga yo'l qo'ymaydi.

"Moskva va Eron mojaroning diplomatik yo'l bilan hal qilinishi tarafdori", - deydi ekspert.

Bu ikki davlat qo'llab-quvvatlovi Assad uchun, rejim tirik qolishi uchun nihoyatda muhim.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG