Assad: Biz xalqimizni qirayotganimiz yo'q

  • Amerika Ovozi

Suriya Prezidenti Bashar Assad Bi-Bi-Si (BBC) agentligiga intervyu bermoqda, Damashq, 9-fevral, 2015-yil

Suriya Prezidenti Bashar Assad Bi-Bi-Si (BBC) agentligiga intervyu bermoqda, Damashq, 9-fevral, 2015-yil

Suriya Prezidenti Bashar Assadning aytishicha, uning hukumati AQSh yetakchiligidagi koalitsiyaning "Islomiy davlat"ga qarshi havo hujumlari bo'yicha ma'lumot olib turibdi, biroq, deydi Assad, koalitsiya bilan bevosita hamkorlik yo'q. Suriya rahbariga ko'ra, harbiy amaliyotlarga doir ma'lumotlar Iroq kabi uchinchi tomonlardan olinmoqda.

Suriya AQSh koalitsiyasiga qo'shilmaydi, dedi Assad.

"Terrorizmni qo'llab-quvvatlayotgan davlat bilan ittifoq tuza olmaymiz", - dedi u.

Suriya hukumati Assad rejimiga qarshi kurashayotgan muxolif kuchlarni terrorchilar deb ataydi. Koalitsiyaga a'zo davlatlar esa ularni moliyalamoqda, deydi Assad.

Uning aytishicha, hukumat kuchlari tinch aholini o'qqa tutmagan, aks holda suriyaliklar prezidentini hali ham qo'llab-quvvatlayotgan bo'lmasdi.

"O'z odamlarimizni o'ldirsak, xalq to'rt yil chidab turmasdi", - dedi Assad Bi-Bi-Si agentligiga bergan intervyuda.

Suriyada fuqarolar urushida shu kungacha 200 mingdan ziyod odam o'lgan, 3,7 million odam qo'shni davlatlarga qochgan.

So'nggi bir yilda "Islomiy davlat" ayniqsa faollashgan. Guruh Suriya hukumati va muxolif kuchlarga qarshi birday jang qilmoqda. "Islomiy jihod" Suriyaning bir qismini egallab olib, xalifalik e'lon qilgan.

So'nggi xabarlarga qaraganda, jihodchilar garovga olgan amerikalik bir ayol nobud bo'lgan. Kayla Myuller 2013-yilda o'g'irlab ketilgan edi. "Islomiy davlat"ning ma'lum qilishicha, u Suriyaning Raqqa shahrida Iordaniya harbiy-havo kuchlari hujumida o'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG