Breaking News

"Suriya Bolqon taqdirini takrorlashi mumkin"


Hims shahri o'qqa tutilmoqda, 13-iyun, 2012-yil
Hims shahri o'qqa tutilmoqda, 13-iyun, 2012-yil
Britaniya Suriyaning “navbatdagi Bosniya”ga aylanishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Mamlakat tashqi ishlar vazirining aytishicha, Suriya hukumatining oddiy aholini o’qqa tutishi 1990-yillar boshida Yugoslaviyada bo’lib o’tgan qonli fuqarolik urushini eslatadi.

1990-yillar boshidagi Sarayevo manzarasi. Bosniyalik serblar qurolsiz tinch aholini og’ir artilleriyadan o’qqa tutadi.

Oradan 20 yil o’tib Suriyaning Hims shahrida ro’y berayotgan voqealar Bosniya fojeasini yodga soladi.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Vilyam Xeygning aytishicha, har ikki mojaroni bir-biriga bog’lovchi o’xshashliklar bor. Suriya ham fuqarolar urushiga eltuvchi yo’ldan bormoqda, deydi u.

“Hukumat tinch aholi yashovchi hududlarni og’ir qurollar bilan nishonga olmoqda. So’ng odamlarni o’ldirish uchun jangari guruhlarni yubormoqda. Bu 1990-yillar boshidagi Bosniyani eslatadi. Nazarimda, u o’tgan yilgi Liviyadagi holatga o’xshamaydi”, deydi u.

Xalqaro hamjamiyat Bolqondagi mojaroni bartaraf etishi uchun uch yil vaqt ketdi. Bu orada 100 ming fuqaro o’ldi. Ikkinchi jahon urushidan beri Yevropada bu qadar ko’p odam qirilmagan edi.

NATO boshchiligidagi tashqi kuchlar serblarga qarshi harbiy kampaniya boshlaganidan so’ng nihoyat 1995-yil Bosniyada qonli urushga xotima berildi.
Vilyam Xeygning aytishicha, Suriyadagi muammoga diplomatik yechim topish yo’liga Rossiya to’g’anoq bo’lmoqda. G’arbning harbiy kuch ishlatishi mumkinligi haqida Xeyg hech narsa demadi.

“Muammoni hal qilish uchun kuch ishlatilsa, yanada ko’proq odam o’ladi. Suriya aholisi battar jabr ko’radi. Shuning uchun biz Annan rejasining amalga oshirilishini istaymiz ”, deydi u.

2002-2006-yillarda BMTning Bosniya va Gersegovinadagi vakili bo’lib ishlagan britaniyalik siyosatchi Paddi Ashdounning aytishicha, Bosniya va Suriya o’rtasida katta farq bor.

“Bosniyada biz qon to’kilishlarini to’xtatish uchun aralashishga qodir edik, ammo boshidan bunday qilmaslikni ma’qul topdik. Suriyada esa aralashishni xohlaymiz, ammo bunga qodir emasmiz hozir”, deydi u.

Ashdounning aytishicha, Liviyada G’arb diplomatik sa’y-harakatlarni arab davlatlari qo’yib berib, to’g’ri ish qildi. Suriyada esa rejimni o’zgartirish haqida juda ko’p gapirilyapti”, deydi u.

“Afsuski, bu ishlarni Vashington boshchiligidagi G’arb amaliyoti sifatida ko’rsatishga harakat qildik. Rossiyaning hududdagi yagona do’stini yo’q qilishdek ish qilib ko’rsatmoqchi bo’ldik”, deydi Ashdoun.

BMT Suriyada fuqarolarga qarshi zo’ravonlik ko’lamining kundan-kunga oshib borayotganini ta’kidlamoqda. BMT hisobotiga ko’ra, hukumat kuchlari tomonidan hatto bolalarni qiynash va ulardan qalqon sifatida foydalanish holatlari uchramoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG