Suriyada partizan urushi alomatlari

  • Amerika Ovozi

Damashqda xavfsizlikni ta'minlab

Damashqda xavfsizlikni ta'minlab

Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuzatuvchilari Suriyaning beqaror Hims shahri tomon yo’l olmoqda. Delegatsiya shu paytgacha poytaxt Damashq atrofida ishlayotgan edi. Hukumat va isyonchilar o’rtasida sulh ijrosini ta’minlash – asosiy vazifa. Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi esa mamlakatda partizan urushi alomatlari haqida ogohlantirmoqda.

Kecha Suriyada o’tgan parlament saylovlari muxolifat nazarida soxta bir jarayon bo’ldi. Prezident Bashar al-Assad ma’muriyatiga qarshi qo’zg’olon ko’targan shahar va qishloqlar aholisi, deydi faollar, saylovni boykot qildi.

Assad hukumati bir yildan oshibdiki, isyonni kuch bilan bostirishga urinmoqda.

Prezident Assad deydiki, saylov - mamlakatda demokratik islohotlar amalga oshrilayotganidan darak. Davlat telekanali ovoz berish uchastkalari gavjum ekanini ko’rsatib, 250 o’rinli parlament uchun 7000 dan ziyod nomzod kurashgani haqida xabar berdi. Jarayon normal va osuda o’tdi, deydi rasmiylar.

Suriyada parlament saylovlari:



Bashar al-Assadning Baas partiyasi boshliq Milliy Progressiv Front bilan yetti yangi partiya bellashgan. Ammo surgundagi muxolifat nazarida bari prezidentning yugurdaklari. Suriya parlamentida prezident Assadning Baas partiyasi ustun. Assadlar yurtni 1970-yillardan beri boshqaradi.

BMT vositachiligida Suriyada aprel oyida sulh e’lon qilindi, biroq rahbariyat va namoyishchilar unga to’liq amal qilmayapti. Xalqaro hisoblarga ko’ra, o’tgan yilning martidan beri zo’ravonliklar 9000 dan ziyod odamni hayotdan olib ketdi.

Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi ta’rificha, Suriyada notinchlik har yer-har yerda partizan urushiga o’xshab bormoqda. Yaxshi qurollangan armiyaga qarshi olishayotgan muxolifat og'ir janglar ketidan taktikani o'zgartirgan, deydi qo'mita raisi Jeykob Kellenberger.

Uning aytishicha, mamlakatdagi ayrim olishuvlar fuqarolik urushi deya talqin qilinishi mumkin.

Mamlakatda odamlar oddiy ichimlik suvi, ovqat, boshpana, doriga muhtoj.

Kellenberger suriyaliklarga madad yetkazish uchun qo'mitasi 27 million dollar zarur ekanini bildirmoqda. Qizil Xoch Suriya Arab Qizil Yarimoy jamiyati bilan hamkorlik qilib, 100 000 suriyalikka har oy ovqat jo'natish ustida ishlamoqda, deydi u.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bu qonli ahvolga ortiq chidab bo’lmaydi, dedi. U kecha Vashingtonda so’zlab, Suriyadagi manzarani g’oyat jiddiy va ayanchli, deb ta’rifladi.

Hozir ustuvor vazifa bir oyda mamlakatga 300 qurolsiz tinchlikparvar jo’natish va talofatlarning oldini olish, dedi Pan Gi Mun.

Damashqdagi portlash, 5-may, 2012-yil

Damashqdagi portlash, 5-may, 2012-yil

“Hukumat, armiya va oppozitsiya shu ondayoq kuch qo’llashni, jabr-zulmni tugatishi shart. Bas qiling. Siyosiy dialog boshlang. Suriya xalqi manfaatlarini inobatga olgan holda gaplashing”, - dedi BMT bosh kotibi.

Ayni damda Suriyada BMTning 60 kuzatuvchisi bor. Urush natijasida uy-joyidan ayrilgan va sarson yurgan aholiga yordam ajratilmoqda, deydi Pan Gi Mun.

“Kamida 1 million odamga ziyon qildi bu mojaro. O’n minglab fuqarolar qo’shni mamlakatlarga qochdi”, - deydi xalqaro tashkilot yetakchisi.

U Vashingtondagi Strategik va Xalqaro Tadqiqotlar markazidagi forumda qatnashib, BMTning tinchlik yo’lidagi tashabbuslaridan so’zladi.

Pan Gi Munning aytishicha, urushdan qaqshagan davlatlarni yangi mojarolardan saqlab qolish uchun o’tgan yili 100 million dollar sarflangan.

“Syerra-Leone, Liberiya, sekin-asta Sudanda tinchlikni ta’minlash maqsadida ter to’kib kelamiz”, - dedi BMT bosh kotibi.

Uning aytishicha, murosa jarayonlariga xotin-qizlarni jalb qilish samara beradi.

Suriyada isyonchilar hujum uslubini o'zgartirdi:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG