Suriyada sulhga erishish mumkinmi?

  • Amerika Ovozi

BMTning Suriya bo'yicha maxsus vakili Laxdar Braximiy (o'ngda) Livan prezidenti Mishel Sulaymon bilan Suriya masalasi bo'yicha gaplashmoqda, Bayrut, 17-oktabr, 2012-yil.

BMTning Suriya bo'yicha maxsus vakili Laxdar Braximiy (o'ngda) Livan prezidenti Mishel Sulaymon bilan Suriya masalasi bo'yicha gaplashmoqda, Bayrut, 17-oktabr, 2012-yil.

BMT va Arab Ligasining Suriya bo’yicha maxsus vakili Laxdar Braximiyning aytishicha, Suriya hukumati sulhga rozi bo’lsa, muxolifat ham zudlik bilan otishmalarni to’xtatadi.

Asli jazoirlik tajribali diplomat Laxdar Braximiy 1989-yilda Livanda fuqarolik urushini tugatishda vositachi sifatida muhim rol o’ynagan. Braximiy kecha bu mamlakatda bo’lib, Suriyada ham mojaroga barham berish zarurati haqida so’zladi.

Uning aytishicha, bunga erishilmasa, mojaro ertami-kech Suriya chegarasidan tashqariga yoyilishi aniq.

"Butun mintaqa alanga oladi", - deydi u.

Braximiy prezident Bashar al-Assad hukumatiga muxolif kuchlar bilan uchrashib, qurbon hayitidan oldin sulh taklif etgan. Isyonchilar rasmiy Damashq ham bunga ko’nishi kerakligini aytib, rozi bo’ldi, deydi diplomat.

Suriyaliklarning o’zi buni xohlamas ekan, na BMT, na Arab Ligasi sulh o’rnata oladi, deydi u.

Suriya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Jihod Makdissiyning aytishicha, hukumat taklifni o’rganib chiqishga tayyor. Biroq rasmiy Damashq isyonchilar sulhga amal qilishiga shubha bildirmoqda. Braximiy shu hafta Suriyada bo’ladi.

Yaqin Sharq bo’yicha tahlilchi, Bayrutdagi Amerika universiteti professori Timur Goksel nazarida Braximiy mojaroga barham bera olmasa-da, mintaqadagi muhim davlatlarni tinchlik jarayoniga jalb etishni uddalashi mumkin.

"Bu masalada Eron va Rossiyaning hamkorligi juda muhim, ammo Braximiy bu davlatlar bilan muloqotda nimaga erishdi, hozircha bilmayman", - deydi BMT sobiq diplomati.

Rossiya Tashqi ishlar vazirining o’rinbosari Mixail Bogdanovning aytishicha, Braximiyda tinchlikni o’rnatishga qaratilgan aniq reja yo’q. Eron sulh taklifini qo’llab-quvvatlashini aytib, Suriya mojarosi boshlanganidan beri raqibiga aylangan Turkiya bilan bu masalada ilk bor hamfikr ekanini namoyish etdi. Ma’lumki, Eron Assad rejimi, Turkiya esa muxolifat tomonida.

Kaliforniyadagi Guver instituti tahlilchisi Fuad Ajamiy fikricha ham Braximiy undan oldingi maxsus vakil Kofi Annan singari muammoga yechim topa olmaydi.

Ajamiyning aytishicha, Suriya prezidenti jahon hamjamiyati so’zini bir tiyinga olmay qo’ydi, NATOni ham pisand qilmayapti. Ammo, deydi ekspert, AQSh, Turkiya va arab davlatlari bosimni kuchaytirsa, vaziyat o’zgarishi mumkin.

Bu o’rtada hukumat va isyonchilar o’rtasida to’qnashuvlar davom etmoqda. Inson huquqlari faollariga ko’ra, armiya Damashq-Halab magistrali bo’ylab joylashgan Maaret al-Numan shahrini muxolifatdan qaytarib olishga harakat qilar ekan, isyonchilar harbiy vertolyotni urib tushirgan.

Faollar Assad hukumatiga qarshi isyonda ishtirok etgan odamlarning oila a’zolari yo’qolib qolayotganidan xavotir bildirmoqda. Ular nazarida o’tgan yil martidan beri 80 mingga yaqin odam hibsga olingan yoki o’g’irlangan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG