Suriya iqtisodi og'ir ahvolda

  • Amerika Ovozi

Suriyadagi iqtisodiy muammolar sababli Bashar al-Assad hukumati qo’shimcha mablag’ topishga urinmoqda. Import qilinayotgan mahsulotga soliqlar, pasportlarni yangilash uchun to’lovlarni oshirish va hatto Erondan yangi kreditlar olish – barcha choralar ko’rilmoqda.

To’rt yildan buyon davom etayotgan urush hamda Suriyaga yordam berishi mumkin bo’lgan Eron va Rossiyaga nisbatan xalqaro sanksiyalarning joriy etilishi mamlakatni og’ir ahvolga solib qo’ydi.

Shu oy tarqatilgan audioda Suriya bosh qo’mondoni Suhayl al-Hasan Mudofaa vaziri Fahad Jassim al-Freyj ekani aytilayotgan yuqori martabali rasmiydan Halab shahridagi qo’shinlar uchun qurol-aslaha so’rayotgani yozilgan.

Markaziy banki rahbari Erondan bir milliard dollarga teng ikkinchi kredit olish arafasida ekanini aytdi. Biroq rasmiylarning so’nggi paytlarda Tehronga serqatnov bo’lib qolgani muzokaralar oson kechmaganidan darak beradi. Eron 1 milliard dollarga teng birinchi kredit liniyasini 2013-yilda ochgan edi.

Oddiy suriyaliklar hayoti esa kundan-kunga og’irlashmoqda. Narxlar baland, import soliqlari ham oshgan. Milliy valyuta arzonlashmoqda: urushdan oldin bir AQSh dollari 50 funtga to’g'ri kelgan bo’lsa, bugunda 350 funtga teng.

Hukumat byudjetni ko’paytirish maqsadida barcha imkoniyatlardan foydalanayotgan ko’rinadi. Pasport olish uchun to’lovlar o’sgan. Yangi pasport uchun 400 dollar to’lash kerak. Eskisini yangilash uchun esa 200 dollar.

Xorijda yashaydigan suriyaliklar, shu jumladan qochqinlarga bundan buyon vatanga qaytmay turib pasportni yangilash ruxsat etildi. Buning ortidagi asl sabab - pasport berish orqali davlat g’aznasiga tushayotgan mablag’ni ko’paytirish ekani aytilmoqda.

“Buning ortidagi sabab – pul. Buni hamma biladi”, - deydi Naima ismli Turkiyada yashayotgan suriyalik qochqin.

“Odamlardan pul olishning zo’r yo’li bu. Minglab qochqinlar jon deb yangi pasport oladi”, - deydi Muhammad ismli yana bir qochqin.

Suriya yalpi ichki mahsuloti urush boshlanganidan beri 50 foizga kamaydi. Eksport hajmi 20 foizga pasaygan. Iordaniya bilan chegara punkti isyonchilar qo’liga o’tganidan keyin bu raqam yanada pastroq bo’ladi.

Eron Tashqi ishlar vaziri muovini Amir Abdullahian Suriyaga “bizdan o’rnak oling va o’z iqtisodingizga tayanishga o’rganing”, deb maslahat bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG