Suriyada sulh kelishuvi ish berayotgan ko'rinadi

  • Amerika Ovozi

Suriyada vaqtinchlik sulh kuchga kirdi, ammo ayrim joylarda to'qnashuvlar davom etmoqda. Davlat televideniyesi Hama viloyatida mashina portlab, ikki askar o'lgani haqida xabar berdi. Hech bir guruh hujumni o'z bo'yniga olgani yo'q.

Turkiya chegarasi yaqinidagi Latakiya viloyatida ham armiya va isyonchilar olishayotgani haqida ma'lumotlar bor.

AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauer kecha Suriya hukumati va Rossiyani sulh oldidan hujumlarni kuchaytirganlikda tanqid qildi.

"Suriya armiyasi va Rossiya Daraya kabi shaharlarga bomba yog'diryapti, vaholanki bu shaharni na "Islomiy davlat", na al-Nusra guruhi nazorat qiladi", - dedi diplomat.

BMT maxsus vakili Staffan de Mistura, agar otishma to'xtasa va aholiga gumanitar yordam yetkazish davom etsa, kelasi hafta Suriya tinchlik muloqotini qayta boshlash niyatida.

"Muzokaralarni Jenevada 7-mart kuni o'tkazishni rejalayapmiz", - deydi hukumat va isyonchilarni murosaga undayotgan rasmiy.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov so'zlariga ko'ra, agar sulh muvaffaqiyatli amalga oshsin desak, AQSh boshchiligidagi koalitsiya allaqanday muqobil rejalar haqida bong urishni bas qilishi darkor.

Avvalroq AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Rossiya va Suriya sulhga amal qilmagan taqdirda muqobil rejani ishga solamiz, deb ta'kidlagan edi.

Suriyada janglarni to'xtatish kelishuvi "Islomiy davlat" va al-Nusra Fronti kabi ekstremist guruhlarga taalluqli emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG