Albaniya AQShga Suriya bo'yicha yo'q dedi

  • Amerika Ovozi

Albaniya Bosh vaziri Edi Rama

Albaniya Bosh vaziri Edi Rama

Albaniya Qo’shma Shtatlarning Suriya bo’yicha iltimosini rad etdi. Vashington bu davlat hududidan kimyoviy qurollar zaxirasini yo’q qilish uchun foydalanmoqchi edi.

Albaniya Bosh vaziri Edi Rama deydiki, boshqa biror davlat bunga rozi bo’lmay turganida, uning mamlakati mayli deya olmaydi.

Poytaxt Tiranada o’tgan kunlar ichida norozilik namoyishlari avj olgan edi. Hukumat qarori tabiiyki olqishlanmoqda.

Kimyoviy Qurollarni Taqiqlash Tashkiloti Suriyadagi materiallarni qayerga olib borib yo’q qilish ustida o’ylanmoqda. Yaqinroq, ammo xavfdan yiroqroq hudud kerak. Tashabbus boshida Amerika turibdi va o’z hamkorlaridan yordam so’ramoqda. Hozircha biror tomon ko’ngani yo’q.

Suriyada 23 joyda kimyoviy qurollar borligi aniq. Xalqaro inspektorlar 22 obyektni ko'rib chiqqan.

Albaniya, NATO a'zosi, dunyoga kimyoviy qurollari borligi haqida ochiq aytgan, hisobot bergan va ularni o'zi yo'q qilgan mamlakat.

AQSh va Rossiya ham bunday qurollarga ega ekanini ochiq tan olgan, ammo ularni butkul yo'q qilgani haqida axborot bermagan.

Shu bois ham Albaniya Kimyoviy Qurollarni Taqiqlash Tashkiloti tomonidan yuqori o'ringa qo'yiladi va Suriya yuzasidan yordam beradi deb umid qilingan edi.

AQSh Davlat departamentining bildirishicha, Tirana yo'q degani ikki davlat orasidagi aloqalarga zarar qilmaydi. Masala jiddiy ko'rib chiqilgan va qaror qat'iy ekani ayon, deydi diplomatlar.

Albaniya Bosh vaziri Edi Rama o'z nutqida "Amerika yurtimizning yaqin do'sti" dedi:

"Qo'shma Shtatlarsiz alban xalqi erkin va mustaqil bo'lolmagan va ikki davlatda bemalol yashay olmagan bo'lar edi. Qo'shma Shtatlarsiz bugun omma ko'chaga chiqib bemalol kimyoviy qurollarga qarshi namoyish ham qilmagan bo'lar edi".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG