Suriya nasroniylari Assad tomonda, kelajak mavhum

  • Amerika Ovozi

Mideast Syria Christians

Mideast Syria Christians

22 milliondan oshiq aholiga ega Suriyada nasroniylar ikki milliondan oshadi. Bu din mamlakatda uzoq tarixga ega. Mamlakat notinch ekan, ular ham jabr ko’rmoqda.


Lekin aksariyat nasroniylar prezident Bashar al-Assad tomonda. Isyonchilar safida radikal jangarilar, terroristlar bor, deydi xristian taqvodorlar. Boshqalar nazarida nasroniylar Assadni qo’llab xato qilmoqda.

Iso Masih xudoning o’g’li deya nasroniylikka kirganlar Suriyada qadim davrlardan beri yashab keladi va xristian dunyosi o’z tarixini bu zamin bilan chambarchas bog’liq deb biladi.

Yuzlab ming suriyalik ona yurtni tark etib, urush avjiga chiqar ekan, ko’plab nasroniylar ham kelajagini Suriyada tasavvur qila olmayapti.

Ular isyonchilar g’alaba qozonib, mamlakatda islomiy tuzum o’rnatilib, musulmon bo’lmaganlarga qarshi tazyiq kuchayadi deya xavotirda.

Iroq singari Suriya ham mazhablararo urush maydoniga aylansa-chi? Islom siyosiy tus olib, nasroniylarni o’ldira boshlashsa-chi? Iroqdan nasroniylarning yarmi chiqib ketishga majbur bo’ldi. Bizning ham boshimizga shu kunlar kelishi mumkin, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan suriyaliklar.

Jihodchilar va mutaassib kuchlar o’z nazoratidagi yerlarda g’ayridinlarga qarshi jinoyatlar amalga oshirgani haqida ma’lumotlar bor.

Najla Chahda Livanda suriyalik nasroniy qochqinlar bilan ishlaydi.

“Dahshatli narsalarni aytib berishayapti. Nasroniylarni qo’rqitib pul undirishadi. O’ldiramiz deb do’q qilishadi. Qo’rqqanidan bor-butini tashlab qochib ketayapti odamlar”,- deydi Chahda.

Ba’zi hollarda nasroniylar islomni qabul qil deya majburlangan. Cherkovlar vayron qilingan. Taqvodorlar, ruhoniylar o’g’irlab ketilgan. Hims viloyatidagi qishloqlarda nasroniylar o’z uylari va xo’jaliklaridan haydab yuborilgan. U yerlarni hozir jangarilar egallab olgan.

Assad tarafini olgani uchun hali nasroniylar jazosini oladi degan shiorlar ko’zga tashlanadi. Prezidentning yonini olayotganlar alaviylar hamdir, chunki Assadning o’zi shu guruh vakili. Alaviylar shia mazhabidagi oqim. Hukumatga qarshi kurashayotgan kuchlar esa asosan sunniylardan iborat.

Najla Chahda deydiki, Suriyada nasroniylar uchun davlat rahbarini quvvatlamasdan iloj yo’q.

“Boshqalardan qo’rqishadi. Asosiy sababi shu”,- deydi taqvodor faol.

450 mingdan ziyod nasroniy hozir boshpanasiz. Aksariyati Suriyadan chiqib ketgan, qolganlari ichkarida sarson-sargardon. Livanning o’zida ular 25 mingni tashkil etadi.

Suriyada nasroniylarning aksariyati Grek pravoslav cherkoviga qatnaydi. Shuningdek, katoliklar, oromiy-kristianlar, protestantlar va boshqa oqimlar ham bor.

Suriya Milliy Koalitsiyasi, asosiy muxolif partiya, nasroniylar qo’rqmasin, deya ularni o’z safiga chaqirmoqda.

Ayb nasroniy yetakchilarda, deydi kuzatuvchilar, oddiy fuqarolarga tinchlik kerak xolos.

Basim Shab, Livan parlamenti a’zosi, nazarida uning dindoshlari Assadga ergashib adashdi. Suriya rahbari ulardan foydalanmoqda va vaqti kelganida ulardan yuz o’girishi hech gap emas, deydi Shab.

“Nasroniylarni ularning dini uchun emas, siyosiy pozitsiyasi uchun yoqtirishmaydi. Xuddi Iroqda ular Saddam Husaynni yoqlaganidek, Suriyada Bashar al-Assadning orqasiga bekinishdi. Xato bo’ldi bu ish”.

Basim Shab fikricha, nasroniylar aslida boshqalar kabi adolat va erkinlik talab qilib chiqqanida, mo’tadil musulmonlar bilan birlashib, inqilob yo’lida harakat qilganida, vaziyat bugun boshqacha bo’lar edi. Hozir ham kech emas, deydi u.

“Menimcha, agar bugun Suriyadagi nasroniy ulamolar bir yoqadan bosh chiqarib, uzoq muddatni o’ylab, Assadni qoralab chiqsa, manzara o’zgaradi. Ayniqsa katoliklar Assad tuzumini ko’p qo’llaydi. Qaytishi kerak bu yo’ldan”.

G’arb davlatlarida nasroniy yetakchilar Suriya hukumatiga la’natlar aytib, Assadni qonxo’r diktator deb turganida, mamlakatdagi xristianlar ham kelajak haqida jiddiy o’ylashga majbur, deydi siyosatdonlar.

Lekin nasroniymi musulmon, suriyaliklar hozir tirik yurganimizning o’zi katta gap deydi. Hayot arosatda qoldi, deydi ular.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG