Breaking News

Suriyada qonli hujumlar, BMT harbiy kuzatuvchilar yuboradi


Hims shahri, 12-aprel 2012
Hims shahri, 12-aprel 2012

Suriyaning Hims shahri - urush maydoni. Hukumatga qarshi qo’zg’olon markazi bo’lgan bu hudud mana bir necha oydirki, tutun va alanga ichida.

Hama
Hama
Bugun Suriya armiyasi muxolif kuchlarga qarshi hujumlarga zo’r berib, o’nlab odamlarni o’ldirgan, yuzlab fuqaroni yaralagan bo’lishi mumkin. Aniq ma’lumot olish qiyin, chunki shahar ahli bilan aloqa qilish mumkin emas. Axborot vositalari uyali telefonlar orqali ma’lumot yig’ishga urinmoqda, ammo tarmoqlar uzilgan.

Suriya hukumati xalqaro bosim ostida sulh e’lon qilishga ko’ngan va tinchlik rejasini qabul qilgan edi. Lekin prezident Bashar al-Assad muxolif kuchlarni zo’ravonlikda ayblab, ularga qarshi harakatni davom ettirmoqda. Ayb isyonchilarning o’zida, deydi Damashq rasmiylari.

BMT Xavfsizlik Kengashi Suriyaga kichik harbiy guruh yuborib, vaziyatni o’rganmoqchi.

Hama
Hama
14-aprel kuni Nyu-Yorkda oliy organ shunga qaror qildi. Rezolyutsiyani AQSh va Yevropa davlatlari qatorida Rossiya va Xitoy ham quvvatlagan.

30 a'zodan iborat missiya qurolsiz zobitlardan iborat. Britaniyaning BMTdagi elchisi Mark Lyall deydiki, ular sulh shartlari qanday bajarilishini kuzatadi. Bu vakillar ishiga, deydi diplomat, Suriyada hech kim aralashmasligi va ularning erkin faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratib berilishi kerak. Missiya darhol ishga kirishadi.

Sulh sharti shuki, hukumat va muxolif kuchlar janglarni darhol to’xtatishi va BMT-Arab Ligasi vositachiligida muzokara boshlanishi lozim.

Namoyishlar tinmagan. Mamlakat bo’ylab kecha ham yuzlab odamlar ko’chaga chiqqan. Xavfsizlik kuchlari besh kishini otib o’ldirgan. Turkiya bilan chegaradosh hududlarda, minglab odamlar urushdan qochib jon saqlayotgan maskanlarda, otishmalar kuzatilgan.

Hims
Hims
Turkiyaga qochgan suriyaliklar nazarida Bashar al-Assad bergan va’dasini bajarmaydi, ya’ni sulhga amal qilmaydi.

“Bu yolg’onchi, vijdonsiz va qonxo’r hukumat”,- deydi Valid Abdin ismli suriyalik. “Bashar al-Assad tank va samolyotlarni xalq qo’zg’algan joylardan hech qachon olib chiqmaydi”,- deydi u.

O’tgan yilning martidan beri 9000 dan oshiq odam halok bo’ldi.

Ko’plab suriyaliklar fikricha mamlakat fuqaro urushi tomon yo’nalmoqda. Hama va boshqa shaharlarda jamoatchilik birlashib, hukumatga qarshi qurol ko’tarishga tayyor ekanini aytgan. Aks holda, deydi bu faollar, Bashar al-Assad hammani o’ldiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG