Breaking News

Turkiya nazarida Suriya xalqi o'zini himoya qilishga haqli


Turkiya Bosh vaziri Rajap Toyyip Erdog'an Suriya bo'yicha anjumanda gapirmoqda, Istanbul, 1-aprel, 2012
Turkiya Bosh vaziri Rajap Toyyip Erdog'an Suriya bo'yicha anjumanda gapirmoqda, Istanbul, 1-aprel, 2012

Bugun Turkiyaning Istanbul shahrida “Suriyaning do’stlari” uchrashdi. Ular – Bashar al-Assadning hokimiyatdan ketishini talab qilayotgan va buning uchun nima chora ko’rish lozimligini ko’rib chiqayotgan 70 dan ortiq davlatlarning namoyandalari.

AQSh Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton qatnashchilar oldida gapirar ekan, Bashar al-Assad boshliq tuzumni qotilliklar uchun javob berishga, fuqarolarni nishonga olishni darhol bas qilishga chaqirdi.

Klinton xonim deydiki, BMT va Arab Ligasi taklif qilgan tinchlik rejasiga xo’p degan Assad unga amal qilmayapti. Unga binoan qo’z’golonchilarga qarshi harbiy kampaniya to’xtashi kerak edi.

Amerika Suriya xalqiga insonparvarlik yordami ko’rsatishda davom etadi va uning miqdorini yana 12 million dollarga oshiradi, deydi davlat kotibasi. Shuningdek, hukumatga qarshi kurashayotgan kuchlarga aloqa vositalari beriladi.

Fors ko’rfazi davlatlari AQShni harbiy yordam ko’rsatishga ham undagan, ammo Obama ma’muriyati buni ma’qul topmagan.

Saudiya Arabistoni va Fors ko'rfazidagi boshqa davlatlar o'zini "Ozod Suriya Armiyasi" deb atayotgan jangari kuchlarni moliyaviy quvvatlash uchun maxsus jamg'arma ochmoqda. Bir necha million dollarlik bu hisobdan hukumat qurolli kuchlari safini tark etib, muxolifatga qo'shilayotgan harbiylar uchun ham mablag' ajratiladi .

“Suriyaning do’stlari” ga mezbonlik qilayotgan Turkiya Bosh vaziri Rajap Toyyip Erdog’an fikricha xalqaro hamjamiyat Suriya xalqini quvvatlashi kerak.

“Suriya ahli o’zini himoya qilishga haqli”,- deydi Erdog’an.

Turkiyaning pozitsiyasi shuki, Bashar al-Assad BMT va Arab Ligasi talab qiladimi-yo’qmi, vijdonan ish tutib, o’z xalqi xavfsizligini ta’minlashi kerak. Bu uning burchi, deydi turk rasmiylari.

Xitoy va Rossiya bu anjumanga taklif etilgan bo'lsa-da, qatnashmagan. Har ikki davlat Suriya rahbarini quvvatlab keladi va mojaroni ichki masala deb hisoblaydi. Qo’zg’olonchilar, ular nazarida, begunoh tomonlar emas.

Suriya muxolifati birlashishga urinar ekan, ular BMT va Arab Ligasining tinchlik rejasini yoqlamagan. Qurolini ham tashlamoqchi emas.

Kecha, inson huquqlari tashkilotlarining bildirishicha, Suriyada 25 fuqaro o’lgan. Bir yil oldin boshlangan qo’zg’olonda 9000 dan oshiq kishi halok bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG