Klinton: Yo sulh ish beradi, yo Assad imkonni qo’ldan chiqaradi

  • Amerika Ovozi

Suriya rahbari Bashar al-Assad va uning rafiqasi Asma poytaxt Damashqda Hims ahli uchun insonparvarlik yordamini taxlamoqda, 16-aprel, 2012-yil

Suriya rahbari Bashar al-Assad va uning rafiqasi Asma poytaxt Damashqda Hims ahli uchun insonparvarlik yordamini taxlamoqda, 16-aprel, 2012-yil

Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton so’zlariga ko’ra, Suriyada vaziyat “qaltis bir nuqtada” turibdi. Yo tinchlik rejasi samara beradi, yoki Bashar al-Assad ma’muriyati “oxirgi imkonni qo’ldan boy beradi” va xalqaro hamjamiyat qo’shimcha jazo tadbirini ko’rishga majbur bo’ladi, dedi Klinton Belgiyada NATO tashqi ishlar va mudofaa vazirlari sammitida.

Suriyada sulh kuchga kirganiga bir hafta to’layotgan bir pallada bugun Idlib viloyatidagi portlashda olti askar o’lgan. Dar’o shahrida snayper politsiyachini otib o’ldirgan, deya xabar beradi rasmiy matbuot. Faollarning aytishicha esa hukumatga qarshi namoyishlar o’chog’i sanalgan Hims viloyatida armiya o’t ochgan.

Suriya rahbariyati hujumlarni “terrorchilar” ishi deya ta’riflab, javob berishga haqlimiz, demoqda.

BMT-Arab Ligasi elchisi Kofi Annan vositachiligida hukumat va muxolifat o’tgan hafta sulhga kelishgan, to’qnashuvlarni tugatishga rozi bo’lgan edi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti missiyasi bitim ijrosini kuzatib bormoqda. Suriyaga shu hafta yetib borgan olti kishilik delegatsiya kecha Dar’oni ko’zdan kechirgan.

BMT jami 250 kuzatuvchi jo'natib, sulh ijrosini tekshirmoqchi. Bosh kotib Pan Gi Mun bu raqam yetarli emas, deydi

BMT jami 250 kuzatuvchi jo'natib, sulh ijrosini tekshirmoqchi. Bosh kotib Pan Gi Mun bu raqam yetarli emas, deydi

Britaniyada asoslangan Suriyada inson huquqlarini kuzatuvchi kengash hisobiga qaraganda, kecha prezident Bashar al-Assadga xayrixoh kuchlar kamida 23 fuqaroni o’ldirgan.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun hududga ko’psonli tinchlikparvar bo’linmalar jo’natish, missiyaga havo kuchlarini ham jalb etish kerak, deb keladi. Yaqinda mamlakatga 250 kuzatuvchi safarbar etiladi. Pan Gi Mun nazarida bu raqam kamlik qiladi.

Bugun Turkiya hukumati Suriyaga qurol-aslaha va o’q-dori olib ketayotgani taxmin qilinayotgan kemani qo’lga tushirgan. G’arb sanksiyasiga ko’ra, Suriyaga harbiy aslaha jo’natish va bu davlatdan neft sotib olish taqiqlab qo’yilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG