Kerri va Lavrov Eronning Suriya tinchlik anjumanida ishtiroki xususida kelisha olmadi

  • Amerika Ovozi

AQSh davlat kotibi Jon Kerri (chapda) va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Parijda Suriya xususida gaplashmoqda, 13-yanvar, 2014-yil

AQSh davlat kotibi Jon Kerri (chapda) va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Parijda Suriya xususida gaplashmoqda, 13-yanvar, 2014-yil

Suriya tinchlik anjumanining asosiy tashkilotchilari – AQSh davlat kotibi Jon Kerri va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov tadbirga bir hafta qolganda Parijda uchrashdi. 22-yanvar kuni boshlanadigan Jeneva-2 konferensiyasiga tayyogarlik avjida, taklifnomalar ishtirokchi davlatlarga yuborilgan, ammo Kerri va Lavrov Eron ishtiroki xususida kelisha olmagan.

Eron Suriya prezidenti Bashar Assadning eng yaqin ittifoqchilaridan. Damashq hamkor davlat vakillarining Jenevada bo’lishini istaydi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti nazarida ham Eronning ishtiroki o'ta muhim.

BMTning Suriya bo’yicha maxsus vakili Laxdar Braximiyning aytishicha,
Erondek mintaqa siyosatida katta ahamiyatga ega davlat anjumanda qatnashishi zarur.

Biroq AQShning bu borada ma’lum shartlari bor va Braximiy Parijda Amerika va Rossiya rasmiylari bilan shu haqda gaplashgan.

Jon Kerriga ko’ra, Tehron Suriyada muvaqqat hukumat tuzilishi hamda unda amaldagi prezident Bashar Assadga joy bo’lmasligiga ko’nishi lozim.

Umid qilamizki, deydi Kerri, Eron bu shartlarni qabul qiladi.

"Assad va Suriya bilan ko’pdan beri yaqin aloqada bo’lgan davlat, agar istasa, to’g’ri yo’lga boshlashi mumkin", - dedi Kerri Braximiy va Lavrov bilan uchrashuv yakunida.

Rossiya tashqi ishlar vaziriga ko’ra, AQShning Eron bilan salbiy munosabatlari Suriya bo’yicha muzokaralarga ta’sir qilmasligi kerak.

"Mafkuraviy qarama-qarshiliklarni deb asosiy maqsadga zarar yetmasligi lozim", - dedi Lavrov.

Biroq Kerri bu ishga mafkura aralashganini inkor etdi.

"Men masalaning amaliy jihatiga qarayapman", - dedi u.

Lavrov ham bo’sh kelmasdan “agar masalaning amaliy tomoni haqida gapiradigan bo’lsak, Eronni tadbirga taklif etish kerak” dedi.

"Amaliylik yakkalash emas, muloqot qilish degani", - dedi Rossiya vaziri.

Lavrov Qo’shma Shtatlar o’tmishda Afg’oniston va Iroq masalalarida Eron bilan muloqot qilishdan qochmaganini eslatib o’tdi.

Vashingtonlik tahlilchi Stiv Xeydeman tomonlarning bu masalada murosa qilishiga ishonadi.

"AQSh va boshqalar Eronga veto vakolatini bermagan holda uning muzokara natijasiga ta’sirini o’tkazish kuchi va manfaatlarini tan olish ustida o’ylanmoqda. Ular Tehronning anjumanda o’ziga to’g’ri kelmaydigan qarorlarning qabul qilinishiga to’siq qo’yishini istashmaydi", - deydi ekspert.

Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarifga ko’ra, Tehron konferensiyada hech bir shartsiz qatnashishga tayyor.

Parijdagi muloqotga mezbonlik qilgan Fransiya tashqi ishlar vaziri Loren Fabiusning aytishicha, Suriya mojarosiga diplomatiya yordamida yechim topish zarur.

"Xalqaro hamjamiyat ixtilofga barham berishda siyosiy yo’ldan boshqasi yo’qligini, Jeneva muzokaralarisiz bunga erishib bo’lmasligini miyasiga quyib olishi kerak", - dedi Fabius.

Suriya hukumati anjumanda ishtirok etishga rozi, muxolif Suriya Milliy koalitsiyasi esa qarorini shu hafta bildiradi. Suriyada hozir Assadga qarshi kurashayotgan ko’plab guruhlar bo’lib, ular bir-biri bilan ham tortishib keladi.

Tahlilchi Stiv Xeydemanning aytishicha, Suriya Milliy koalitsiyasi bir oz bezovta, chunki Jeneva muloqotida Suriya xalqining yagona va qonuniy vakili sifatida ko’rilmasligi mumkin.

"Ayniqsa, agar koalitsiyaga kirmagan boshqa muxolif guruhlar ham anjumanga taklif etilsa", - deydi ekspert.

Bu esa muxolifatni qo’llab-quvvatlayotgan “Suriya do’stlari” ishini qiyinlashtiradi. Bu guruhga G’arb va arab davlatlari kiradi.

"Agar “Suriya do’stlari” Jenevaga muxolifatning turli guruhlarini yig’ib olib kela olmasa, muzokaraga ishonch yo’qolishi, jarayonda ishtirok etmagan boshqa guruhlar uning natijasini tan olmasligi mumkin", - deydi Stiv Xeydeman.

Suriya Milliy koalitsiyasi rahbari Ahmad al-Jarba ham Parijda bo’lib, Kerri, Braximiy va Lavrov bilan uchrashdi. Uning aytishicha, suriyaliklar prezidentni hokimiyatdan olishda hamfikr.

"Hammamizning umumiy fikrimiz shuki, Assadga Suriyaning kelajakdagi hukumatida o’rin yo’q", - dedi Al-Jarba.

Biroq Assad "hokimiyatdan ketmayman, keyingi saylovda ham nomzodimni qo’yaman" degan. Suriya hukumatiga ko’ra, Assadga qarshi qurol ko’targan isyonchilar terrorchilardir.

AQSh sobiq elchisi Adam Yerelining aytishicha, Suriya rahbarining pozitsiyasi o’tgan yilga qaraganda kuchaygan, bu esa hukumatni muzokarada murosaga ko’ndirishni qiyinlashtiradi.

"Assad nega endi o’z-o’zidan hokimiyatni muvaqqat hukumatga topshirishi kerak? Kim uni bunga majburlay oladi", - deya savol beradi sobiq diplomat.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG