Breaking News

Suriya hukumati: Damashqdagi portlashlar terrorchilar ishi


Poytaxtdagi portlashlardan BMT "afsus va dahshatda"
Poytaxtdagi portlashlardan BMT "afsus va dahshatda"

Suriya davlat matbuotining bildirishicha, poytaxt Damashqda bugun ikki shiddatli portlash 10 odamni hayotdan olib ketgan. Xalqaro hamjamiyat mamlakatda salkam ikki hafta oldin e’lon qilingan sulh kuchini butkul yo’qotadi, deya xavotirda.

Faollar so’zlariga ko’ra, birinchi portlash hukumatga qarshi namoyishchilar yig’ilgan masjid yonida sodir etilgan. Yaradorlar orasida xavfsizlik xizmati xodimlari bor. Rahbariyat suiqasd xurujini terrorchilar ishi, deb ta’rifladi. Sal oldin qo’shni tumanda davlat xizmatchilari foydalanadigan garajda portlash ro’y bergan.

Qo’shma Shtatlar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Yevropa Ittifoqi prezident Bashar al-Assad ma’muriyatini bot-bot koyib, sulhga astoydil amal qilmayotganlikda ayblab, tanqid qilib keladi.

Bugun juma namozidan keyin Suriyaning bir necha shahrida, xususan, Hamo va Aleppoda ommaviy norozilik chiqishlari o’tdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuzatuvchilari notinch viloyatlarga borib joylashmoqda, lekin jarayon juda sust. Tashkilot so’zlovchisi Niir Sinx ko’proq mutaxassis yo’lga otlanmoqda, deydi.

“Hozir 15 xodim ishlamoqda. Yana 15 kishi dushanbagacha manzilga yetishi kerak”, - deydi u.

Xalqaro hamjamiyat Suriyaga jami 300 kuzatuvchi jo’natishi kerak. Assad ma’muriyati sulhga rioya qilishga va’da bermoqda, lekin ajnabiy terrorchi kuchlar hamlalariga jim qarab turmaymiz, deydi. Rasmiy Damashq nazarida bir yil oldin boshlangan qo’zg’olon ortida terrorchi guruhlar turibdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG