Suriyada "Islomiy davlat" safini tark etayotganlar ko'paymoqda

  • Amerika Ovozi

Sharqiy Suriyaning Deyr az-Zur viloyatida “Islomiy davlat” guruhidan qochayotganlar soni ko’paygan. Bu yerda ekstremistlarga qarshi mahalliy qarshilik harakati ham kuchaygan.

Qo’zg’olonchilar va guruh safini tark etayotganlar “Islomiy davlat” yetakchilarini tashvishga solayotgani aniq. Bundaylarni jazolash va isyonni bostirish uchun viloyatga Iroqning Mosul shahridan uch guruh jo’natilgan.

Mahalliy faollarning “Amerika ovozi”ga aytishicha, IShIDni tark etayotganlar soni o’sib bormoqda. Ularning to’rt qo’mondoni ham guruhdan voz kechgani aytilmoqda.

“Islomiy davlat” o’tgan hafta Deyr az-Zur shahrida jangarilari sonini ko’paytira boshlagan. Bu yerdan turib ular qo’shni al-Jura shahriga hujum uyushtirishni rejalamoqda. Al-Jura shahri va uning al-Qusur tumani yil boshidan beri Suriya Prezidenti Bashar al-Assadga sodiq kuchlar qo’lida.

Viloyatning chekka hududlari “Islomiy davlat” qo’lida, ammo mahalliy aholi orasida partizanlik kurashi kuchaymoqda. Faollarga ko’ra, isyonchilarning aksariyatida harbiy tayyorgarlik yo’q, ammo ular to’satdan hujum qilib, jangarilarni o’ldirish amaliyotlarini kengaytirmoqda.

“IShIDni rad qilish holatlari kuchli”, - deydi suriyalik faol Adnan. Uning aytishicha, mintaqa aholisining 80 foizi “Islomiy davlat”ga qarshi.

“Qolgan 20 foizni uch toifaga bo’lish mumkin: IShIDning ashaddiy tarafdorlari, pul va hokimiyatga ega bo’lishni istayotganlar hamda qo’rquv ostida tobe bo’lib turganlar”, - deydi u.

May oyida AQSh harbiylari Deyr az-Zurda amaliyot o’tkazib, IShID qo’mondonlaridan biri Abu Sayyofni o’ldirgan edi. O’shandan beri guruh ichki xavfsizlik choralarini kuchaytirgan.

Raqqa shahrida internetga ulanish imkoniyati cheklangan. Jangari guruh ichki dushmanlarnng tashqi dunyo bilan aloqalarini kesish maqsadida shunday choraga qo’l urgani aytilmoqda.

Deyr az-Zur yaqinidagi shahar va qishloqlarda internet kafe xo’jayinlari qo’shni binolarga Wi-Fi orqali internet uzatmaslikka buyurilgan. Kafelarda internetdan foydalanish ustidan ham nazorat kuchaytirilgan. Ayrim shaharlarda hatto jangarilar uchun ham internetga ulanish taqiqlab qo’yilgan.

Odam kuchiga ehtiyoji tobora ortib borayotgan guruh endi bolalarni ham o’z safiga yollashga urinmoqda.

“Ular masjidlarda o’yin va musobaqalar o’tkazib, g’olib bo’lgan bolalarga pul va buyum mukofotlari bermoqda va shu yo’l bilan ularni o’zlariga jalb qilmoqda”, - deydi Adnan.

Dushmanlar yoki guruhga qarshilik qilishda taxmin qilingan shaxslar shafqatsiz jazolanmoqda. Ayni paytda guruh ayrim shaharlarda kommunal xizmatlar ahvolini yaxshilagan. Deyr az-Zur sharqidagi 20 qishloq hozir har kuni 20 soat elektr toki olmoqda. Al-Mayadinda ham suv uzluksiz yetkazib berilayotgani aytilmoqda, ammo u ichish uchun xavfsiz emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG