Breaking News

AQSh Suriya hukumati va muxolifat muloqot qiladi degan umidda


AQSh davlat kotibi Jon Kerri
AQSh davlat kotibi Jon Kerri
AQSh davlat kotibi Jon Kerri Suriya hukumati va muxolifati kelasi oyga belgilangan xalqaro tinchlik anjumanida ishtirok etishiga umid qilmoqda. Uning aytishicha, rasmiy Damashq hukumatdan anjumanda qatnashishi mumkin bo’lgan muzokarachilari ro’yxatini Rossiyaga uzatgan.

Tadbirni uyushtirish uchun qattiq diplomatik harakatlar ketmoqda, deydi Kerri. Anjumanning qayerda o’tishi hozircha sir saqlanmoqda. Bashar Assad rejimiga qarshi chiqayotgan davlatlarni birlashtirgan “Suriya do’stlari” klubi kelasi hafta Iordaniyada majlis qilib, umumiy pozitsiya bo’yicha kelishishga harakat qiladi.

Jon Kerri Assad hukumatini anjumanni inkor etmaslikka, aks holda muxolifatga yordam yanada oshirilishini aytdi.

Suriya axborot vaziri Umron al-Zubiyning aytishicha, rasmiy Damashq javobini yaqin kunlarda beradi. Suriya suverenitetiga tahdid soluvchi muloqotda qatnashmaymiz, dedi u. Muxolifat esa Assad hokimiyatdan ketsin, demoqda.

Bu o'rtada Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sochida uchrashib, Yaqin Sharq va xususan, Suriyadagi vaziyat borasida fikr almashgan.

Isroil va G’arb davlatlari Rossiyaning Suriya hukumatiga havoga qarshi ilg’or qurollarini, xususan S-300 raketalarini sotishidan xavotirda. Shunday bo’lgan taqdirda prezident Bashar Assadga qarshi havo hujumlarini amalga oshirish qiyinlashadi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning o’tgan hafta ma’lum qilishicha, Suriyaga amaldagi kontraktga muvofiq qurollar sotilmoqda. Lavrov aynan qanday qurollar sotilishini aytmagan.

Prezident Putin bu xususda AQSh davlat kotibi Jon Kerri va Britaniya bosh vaziri Deyvid Kameron bilan gaplashgan. Shu hafta BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ham rossiyalik rasmiylar bilan uchrashadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG