Yevropa Ittifoqi Suriya muxolifatiga qurol berish masalasida tarqoq

  • Amerika Ovozi

Yevropa Ittifoqi Suriya isyonchilarini qurol bilan ta’minlash masalasida hamon tarqoq ekan, xalqaro elchi Laxdar Braximiy 70 ming odamni hayotdan olib ketgan ikki yillik urushni siyosiy yo’l bilan yechishga chaqirmoqda.

BMT va Arab Ligasining Suriya bo’yicha maxsus elchisi Braximiy kecha Bryusselda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar vazirlari bilan ko’rishdi. Uning aytishicha, mojaroni harbiy usul bilan hal qilish mumkin emas. Fransiya bosh diplomati Loren Fabius bu fikrga qo’shilmaydi.

“Qurol embargosini bekor qilish kerakligi tobora ravshan bo’lib borayapti”, - deydi Fransiya tashqi ishlar vaziri. “Eron, Rossiyadan kuchli qurol-yarog’ olayotgan Assad rejimi bilan bunday imkoniyati yo’q Suriya muxolifatini taqqoslash mumkin emas”, - deydi Fransiya rasmiysi.

Britaniya, Italiya va Fransiya nazarida Suriya oppozitsiyasiga harbiy madad jo’natish lozim, ammo Germaniya, Shvetsiya va qator boshqa mamlakatlar bu choraga qarshi. Qurol-aslaha oqimi mintaqa uchun o’ta xatarli, deb hisoblaydi Shvetsiya Tashqi ishlar vaziri Karl Bildt.

Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vaziri Ketrin Eshton siyosiy yechimni qo’llab-quvvatlamoqda. “Suriyadagi qon to’kilishlar, zo’ravonlikni to’xtatishimiz kerak. Muxolifatga shunday siyosiy yechim topishda yordam beraylikki, mamlakat olg’a qadam tashlay olsin”, - deydi Eshton. U prezident Assadni lavozimidan ketishga da’vat etayapti.

Bu orada, Suriya oppozitsiyasi muvaqqat hukumat tuzish yuzasidan majlisni kechiktirgan. Isyonchi guruhlar koalitsiyasi matbuot kotibi Valid al-Bunniyning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, muxolifat yangi rahbariyatni hozir tayinlash yoki BMT vositachiligida kechayotgan muzokaralar qanday tugashini kutish borasida bir to’xtamga kela olmayapti. Oppozitsiya yangi bosh vazirni 20-martga qadar saylashi kutilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG