Jenevada Suriya bo’yicha muzokaralar natijasiz yakunladi

  • Amerika Ovozi

BMT va Arab Ligasining Suriya bo'yicha muzokarachisi Laxdar Braximiy

BMT va Arab Ligasining Suriya bo'yicha muzokarachisi Laxdar Braximiy

Rossiya Suriya mojarosini hal etishga chaqirayotgan bo’lsada, prezident Bashar al-Assadning hokimiyatdan ketishi lozim degan talablarga qo’shilmaydi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, Suriya kelajagi bu xalqning o’z qo’lida va xorijiy davlatlar mojaroga aralashmasligi lozim.

Bayonotda, shuningdek, Suriyada qon to’kilishlariga darhol nuqta qo’yish, qochqinlarga gumanitar yordam uzatish zarurati tilga olingan.

Jenevada o’tgan muzokaralar samarasiz yakunlandi, deb xulosa qilish mumkin. BMT va Arab Ligasi vakili Laxdar Braximiy vositachiligida, yopiq eshiklar ortida o’tgan uchrashuvda Rossiya Tashqi ishlar vaziri muovini Mixail Bogdanov hamda AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Vilyam Berns qatnashgan.

Majlis yakunida “mojarosiga siyosiy yechim topish kerak”, degan bayonotlar yangradi xolos.

Laxdar Braximiyning tan olishicha, Suriyada yaqin kelajakda xunrezlik to’xtamaydigan ko’rinadi.

“Xalqaro hamjamiyatning har bir a’zosi, ayniqsa, BMT Xavfsizlik Kengashiga a’zo davlatlar, bu masalaga jiddiy e’tibor qaratishi va tinchlik tomon harakatlarni to’xtatmasligi lozim”, - deydi diplomat.

Bir necha kunlik olishuvdan so’ng Suriya muxolifati kecha shimoldagi yirik Taftanaz harbiy bazasini qo’lga oldi.

Rossiya Suriyaning eng yaqin ittifoqchilaridan bo’lib, bu davlatga qurol-aslaha sotadi. Xitoy barobarida Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashida Assad hukumatiga qarshi olg’a surilgan sanksiyalarning barchasiga veto qo’ygan.

Prezident Assadning hokimiyatda qolish-qolmasligi Jeneva majlisida kelishmovchilikka sabab bo’lgan asosiy masala bo’ldi, deydi Braximiy.

AQSh, Yevropa Ittifoqi va arab mamlakatlari nazarida hozirgacha 60 ming kishining yostig’ini quritgan fuqaro urushi Assadning ketishi bilan tugaydi. Krem da’vosicha esa bu tashqi kuchlar hal qiladigan masala emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG