Suriyaning tarixiy durdonasi jangga tortildi

  • Amerika Ovozi

Halabning Al-Madina bozori, 2012-yil, 3-martda olingan surat. Isyonchilar va armiya olishar ekan, 29-sentabrda qadim bozorda yuzlab do'konga o't qo'yilgan.

Halabning Al-Madina bozori, 2012-yil, 3-martda olingan surat. Isyonchilar va armiya olishar ekan, 29-sentabrda qadim bozorda yuzlab do'konga o't qo'yilgan.

Faollar so’zlariga ko’ra, Suriya armiyasi shimoldagi Salqin shahrini bombardimon qilib, kamida 21 odamni o’ldirgan. Turkiya bilan chegara yaqinidagi hujumda, jumladan, sakkiz bola nobud bo’lgan, deya bildiradi Britaniyada asoslangan huquq tashkiloti.


Boshqa manbalar talofatlar 30 kishi ekanini aytmoqda. Bu raqamlarni mustaqil ravishda tasdiqlash mumkin emas, chunki mamlakatda xorij matbuoti faoliyati cheklangan.

Kecha Suriyaning asosan kurdlar yashovchi shimoli-sharqida mashina portlab, bir necha kishini hayotdan olib ketgan edi. Faollar hisobicha, Qamishli shahridagi bu xurujda sakkiz askar jon bergan.

Suriyada o’tgan yil bahorida qo’zg’olon boshlanganidan beri kurdlar manzili birinchi bor nishonga olingan. Bu elat prezident Bashar al-Assadga qarshi qo’zg’olonda biror tarafni yoqlamay keladi.

Shuningdek, Halab shahrining tarixiy obidalarga boy qismi, Al-Madina bozorida isyonchilar va armiya o’rtasida olishuvlar avjida. Hudud alanga ichida, deydi guvohlar.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyip Erdog’an Eron, Rossiya va Xitoyni Assad ma’muriyatini qo’llamaslikka da’vat etmoqda. “Zolim tuzumlarni yoqlaganlarni tarix kechirmaydi” deydi Erdog’an.

Xalqaro mukofot suriyalik faolga nasib etdi

Bu orada, Arab dunyosida so’z erkinligi va demokratiyani kuylovchi nufuzli xalqaro mukofot bu yil suriyalik advokat va faol Razan Zaytunaga nasib etdi. Ibn Rushd jamg’armasining Fikr erkinligi bo’yicha sovrini 30-noyabrda Germaniyada taqdim etiladi.

Fond 1998-yilda ish boshlab, ozodlik uchun kurashgan, qiynoq va qamoq nima ekanini boshidan kechirgan mard insonlarni qo’llab-quvvatlab keladi. 35 yoshli inson huquqlari himoyachisi, jasur ayol Razan Zaytuna siyosiy mahbuslar haqqini mudofaa qilib, Suriya huquq jamiyatiga asos solgan.

U avval Anna Politkovskaya nomidagi mukofot va Yevropa parlamentining Saxarov nomidagi Fikr erkinligi sovrini bilan siylangan.

Ibn Rushd fondi Germaniyada ta’sis etilib, arab va g’arb davlatlarida homiy-donorlari bor. Mukofot yilda bir bor topshiriladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG