Breaking News

Suriyada insoniyatga qarshi jinoyatlar – odatiy hol


Insonparvarlik tashkilotlari va BMT rasmiylari Suriya hukumati va muxolifatini tinch aholiga shafqat qilishga undayapti.

Ikki yildan beri tinmayotgan urush avj olar ekan, insoniyatga qarshi jinoyatlar odatiy holga aylanmoqda, deya xavotirda xalqaro ekspertlar.

BMTning inson huquqlari bo’yicha rasmiysi Ivan Simonovich bugun BMT Xavfsizlik Kengashida so’zlar ekan, konflikt har oy 5 ming odamni hayotdan olib ketmoqda, dedi. Bolalar hibsga olinib, qiynoqqa solingan va qatl etilgan holatlar qayd etilgan, deydi u.

Simonovich so’zlariga ko’ra, qatliom toifasiga kiruvchi voqealar tobora tez-tez uchrayapti.

BMT mulozimlari ham hukumat kuchlari, ham oppozitsiyani ayblaydi. Gumanitar yordam oddiy aholiga yetishiga imkon bermayapti har ikki taraf, deydi rasmiylar.

Simonovichning aytishicha, ba’zida tinch fuqarolar urushdan qochib hukumat o’tish-nazorat punktlariga oshiqsa, harbiylar ularni yana olovli manzillarga qaytarib yuborgan.

Bu orada, prezident Bashar al-Assadga xayrixoh qurolli guruh Himsda murosa yo’lida ishlayotgan yetti faolni o’ldirgan. Voqea kecha kunduz Hajar Abyad qishlog’ida ro’y bergan.

Britaniyada asoslangan huquq tashkilotining bildirishicha, hududda hukumatga moyil jangchilar faol. O’lganlar sunniylar ekani ma’lum.

Murosaga da’vat etayotgan faollar ikki yildan beri tinmayotgan urushni to’xtatishda, urushayotgan tomonlarni qurolini tashlashga ko’ndirishga urinmoqda.

Hims poytaxt Damashqni sohilbo’yidagi harbiy bazalar bilan bog’laydigan strategik manzil sanaladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG