57 davlat Suriya ishini xalqaro sudga oshirish tarafdori

  • Amerika Ovozi

Idlib viloyati, Suriya. 11-yanvar, 2013-yil.

Idlib viloyati, Suriya. 11-yanvar, 2013-yil.

50 dan ortiq davlat Suriyada jinoyatlar sodir etilmoqda, deya Shveysariya tashabbusi bilan BMT Xavfsizlik Kengashidan masalani Xalqaro jinoiy sudga oshirishni so’ramoqchi.

BMTga qarashli Xalqaro madad qo’mitasi izlanishiga ko’ra, Suriyada 2011-yil martidan beri ko’plab fuqarolar qiynoq, jinsiy zo’rlash, ommaviy qatl kabi jinoyatlar qurboni bo’lgan. Minglab odamlar mamlakatni tashlab chiqqan. Zo’ravonliklar haligacha tinmas ekan, gumanitar tashkilotlar xalqaro hamjamiyatdan qochqinlarga yordam miqdorini oshirishni so’ramoqda.

Donor-davlatlar bir yarim milliard dollar jamlashga va’da bergan. Xalqaro madad qo’mitasi ularni so’zida turishga chaqirmoqda.

Xavfsizlik Kengashi Suriya ishini Xalqaro jinoiy sudga oshirsa, sud Suriya rahbarlarini hibsga olishga order chiqarishi mumkin va a'zo davlatlar qarorga bo'ysunishga majbur bo'ladi.

Bugun hukumat samolyotlari poytaxt Damashq tevaragida isyonchilar pozitsiyalarini o’qqa tutgan. Modomiya shahrida 13 odam o’lgani ma’lum. Qurbonlar orasida bolalar va ayollar bor. Kecha esa mamlakat bo’ylab jami 130 kishi nobud bo’lgan.

Suriya prezidenti Bashar al-Assad yaqinda xalqqa murojaat qilib, armiya xorijdan yordam olayotgan terrorchi guruhlar bilan olishayotganini aytgan hamda mojaroga barham berish uchun muloqot zarur, degan. Rossiya Suriya muxolifatidan bu borada aniq takliflar bilan chiqishni so’ragan.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, muxolifat muloqot boshlash uchun javob qadamini qo’yishi lozim. Isyonchilar mamlakat kelajagi xususida gapirishdan oldin Assad hokimiyatdan ketishi kerak, deb keladi, biroq Lavrovga ko’ra, bunday shartlar noo’rin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG