Suriyada armiya hujumlarida to’qqiz kishi jon berdi deydi faollar

  • Amerika Ovozi

BMTning xitoylik tinchlikparvarlari. Kecha Idlibda shiddatli o’q uzishlar va portlashlar ro’y bergan, voqeaga BMT delegatsiyasi ham aralashib qolgan edi

BMTning xitoylik tinchlikparvarlari. Kecha Idlibda shiddatli o’q uzishlar va portlashlar ro’y bergan, voqeaga BMT delegatsiyasi ham aralashib qolgan edi

Faollarning aytishicha, Suriyada bugun armiya hujumlari va otishmalarda to’qqiz kishi o’lgan. Ayniqsa, Idlib viloyati ko’p talofat ko’rgan.

Britaniyada asoslangan Suriyada inson huquqlarini kuzatish guruhining bildirishicha, avvaliga viloyatning Xon Shayhun shahrida xavfsizlik kuchlari reydlar o’tkazib, besh odamni o’ldirgan. Kecha shaharda shiddatli o’q uzishlar va portlashlar ro’y bergan, voqeaga BMT delegatsiyasi ham aralashib qolgan edi.

Bugun, shuningdek, deydi faollar, Dar’o viloyatidagi qochqinlar lagerida askarlar o’t ochib, yana uch odamni o’ldirgan. Armiya Hims viloyatiga ham o’q yog’dirib, bir fuqaro nobud bo’ldi, deydi ular.

BMT tinchlikparvar xodimlari Xon Shayhun shahridan evakuatsiya qilinmoqda. Kecha ular hududni ko’zdan kechirayotgan payt portlash ro’y berib, ularning mashinasi ziyon ko’rgan edi. Voqea tafsilotlari ma’lum emas, biroq faollar so’zlariga qaraganda, motam marosimi paytida xavfsizlik kuchlari o’t ochib, 24 odamni o’ldirgan. Ketidan portlashlar yangragan.

BMTning qurolsiz tinchlikparvarlari Suriya bo’ylab safar qilib, o’tgan oy e’lon qilingan sulh ijrosini tekshirmoqda. Hukumat va muxolifat bitimga to’liq amal qilmay, bir-birini g’alamislikda ayblab keladi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning matbuot kotibi Farhan Haq tomonlarni tinchlikka chorladi.

“Sulhni hurmat qiling. Har qanday zo’ravonlikni tugating. Biz ham xalq tinchini o’ylab, osuda hayotni tiklashga harakat qilamiz”, - dedi BMT rasmiysi.

Xavotir shuki, BMTga hujumlar kuzatuv missiyasiga yakun yasashi hech gapmas.

Suriyada o’tgan yilning martidan beri qo’zg’olon va janglarda 9000 dan ziyod odam o’lgan, deya bildiradi Birlashgan Millatlar Tashkiloti. Prezident Bashar al-Assad ma’muriyati isyonni qurollangan terrorchi guruhlar fitnasi, deya ta’riflaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG