Kofi Annan Suriya masalasida Erondan yordam so’radi

  • Amerika Ovozi

Kofi Annan Turkiyada suriyalik qochqinlar bilan ko'rishmoqda, 10 aprel, 2012-yil

Kofi Annan Turkiyada suriyalik qochqinlar bilan ko'rishmoqda, 10 aprel, 2012-yil

Jahon hamjamiyati elchisi Kofi Annan so’zlariga ko’ra, Suriya hukumati sulh shartlariga amal qilib, otishmani to’xtatamiz, deb ishontirgan. Armiya va muxolifat olishayotgan bu mamlakatga payshanba, ertalabki 6 ga qadar vaqt berilgan.

Kofi Annan bugun Tehronda Eron Tashqi ishlar vaziri Ali Akbar Solihiy bilan uchrashuvdan so’ng jurnalistlar savollariga javob bergan.

Suriyaning yaqin ittifoqchisi Erondan g’alayonni tugatishda, mamlakat barbod bo’lishiga yo’l qo’ymaslikda yordam so’radim, deydi Annan. Solihiy tinchlik rejasini qo’llab-quvvatlab, arab dunyosining qoq markazida joylashgan Suriya tanazzulga yuz tutishining oldini olish zarur, aks holda butun mintaqa zarar ko’radi, degan.

Rasmiy Damashq qator shaharlardan askarlarni olib chiqayotganini bildirib keladi, lekin Kofi Annan nazarida bu gap haqiqatdan yiroq. U muxolifatni ham qurolni tashlashga da’vat etmoqda.

Amerikaning BMT dagi elchisi Syuzan Rays so’zlariga ko’ra, Suriya otishmani tugatish va’dasiga amal qilmasa, xalqaro hamjamiyat va Xavfsizlik Kengashi javob chorasi bilan chiqishi hamda Bashar al-Assad ma’muriyatiga bosimni oshirishi kerak bo’ladi.

Qo’shma Shtatlar va G’arb davlatlari Suriya rahbariyatini qattiqroq siquvga olishga urinib keladi, lekin Rossiya va Xitoy qarshiligiga, Suriya ichki ishlariga aralashmaslik kerak, degan tanbeh bilan yuzlashmoqda.

Suriya armiyasi kecha isyonchilar manzillarini qayta-qayta nishonga olib, 31 kishini o’ldirgan. Hama va Morih shaharlarida asosan tinch aholi vakillari nobud bo’lgan.

Jenevadagi suriyalik faollar so’zlariga ko’ra, oxirgi sakkiz kunda armiya qo’lidan kamida ming fuqaro o’lgan. Muxolif Suriya Milliy Kengashi matbuot kotibi Basma Kodmani ta’rificha, Assad ma’muriyatining xalqaro tinchlik bitimini bajarish niyati yo’q ko’rinadi. Qo’shinlarni faqat ayrim shaharlardan olib chiqish taklifiga oppozitsiya ko’nmasligi lozim, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG