Eron Assadga dalda berdi

  • Amerika Ovozi

Said Jaliliy prezident Bashar al-Assad bilan ko’rishar ekan, xorijiy raqiblar bosimiga qarshi tura olgan ittifoqchi davlatni olqishladi.

Said Jaliliy prezident Bashar al-Assad bilan ko’rishar ekan, xorijiy raqiblar bosimiga qarshi tura olgan ittifoqchi davlatni olqishladi.

Eron Milliy xavfsizlik kengashi raisi Said Jaliliy kecha Suriyaga borib, prezident Bashar al-Assad hukumatiga dalda bergan. Tehron muxolifatga qarshi kurashda rasmiy Damashqni qo’llab-quvvatlamoqda.

Jaliliy prezident Assad bilan ko’rishar ekan, xorijiy raqiblar bosimiga qarshi tura olgan ittifoqchi davlatni olqishladi.



Tahlilchilar deydiki, shia Eron mintaqada hukmronlik uchun sunniy Saudiya Arabistoni bilan raqobatlashib keladi. Tehron o’z yadro dasturi harbiy emas, tinch maqsadni ko’zlashini ta’kidlab, G’arb bilan ham tortishmoqda.

Eron sobiq prezidenti Abulhasan Bani Sadr Suriyadagi g’alayonning islomiy respublika uchun ahamiyatini shunday tushuntiradi.

“Amerika, Yevropa, Turkiya, Saudiya Arabistoni va Qatar Suriya muxolifatiga qurol uzatib keladi. Eron, Xitoy va Rossiya esa Assad ma’muriyatini yoqlaydi”, - deydi u.

Sadr so’zlariga ko’ra, Tehron o’z manfaatini o’ylab xavotirda. “Chunki Suriyada shia hukumati qulasa, regionda Eron ta’siri zaiflashadi va navbat islomiy respublikaga yetishi hech gapmas”, - deydi u.

Lekin Suriya muxolifati a’zosi Abdulbosit Seyda “Amerika Ovozi” bilan suhbatda buni inkor etadi.

“Suriya oppozitsiyasi Eronga qarshi kek saqlamaydi”, - deydi u. “Assad hukumati barham topgach, Eron rahbariyatini ham tugatamiz, deb reja tuzayotganimiz yo’q”, - deydi muxolifatchi.

Lekin ekspertlar so’zlariga ko’ra, Suriya isyonchilari Eronga xayrixoh emas. O’tgan shanba Damashqda ular 48 eronlikni garovga olgan. Tehronning bildirishicha, ular ziyoratchilar. Lekin Ozod Suriya armiyasi hibsdagilar Eron Inqilobiy gvardiyasi josuslaridir, deydi. Eron Tashqi ishlar vazirligi ziyoratchilar orasida sobiq harbiylar borligi rost, lekin ular qo’shni davlatga diniy amal uchun borgan, xolos, deya ishontirmoqda.

Amerikalik tahlilchi Deyvid Shenkerning aytishicha, Tehron Suriya hukumatini qo’llab-quvvatlashga majbur.

“Eron yakkalanib qolgan. Iqtisodiyoti holdan toygan. Suriyada inqilobchilar muvaffaqiyat qozonsa, Eron xalqi ham ruhlanib, bosh ko’tarishi mumkin”, - deydi olim.

Lekin Shenker Eron pragmatik yo’l tutadi, deb hisoblaydi.

“Eron Assaddan keyingi Suriya bilan do’stona aloqa o’rnatishni istaydi. To’g’ri, rasmiy Tehronga Assad hukmron Suriya ma’qulroq. Biroq amaldagi hukumat qulasa, islomiy davlat yangisi bilan muomala qilishga majbur bo’ladi”, - deydi tahlilchi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG