Amerika: Assad armiyasi salmoqli g'alabani qo'lga kirita olgani yo'q

  • Amerika Ovozi

Damashq, Suriya

Damashq, Suriya

Amerika rasmiylarining aytishicha, Suriya shimoli-g'arbida isyonchilar hukumat kuchlarini siquvga olmoqda. Shu bilan birga, Rossiya va Eron Assad qo'shinlariga yordamga oshiqayapti.

Assadga sodiq kuchlar, Rossiyaning havodan yordamiga qaramasdan, shu paytgacha salmoqli g'alabani qo'lga kirita olgani yo'q, deydi AQSh razvedka rasmiylari "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Boshqa bir mutasaddi nazarida Rossiya va Eron ko'magida Suriya armiyasi amalga oshirayotgan harakatlar kam samara berayapti.

"Suriya muxolifatining hududda qo'li baland kelayotgani shubhasiz", - deydi ular.

Rossiya uch haftadirki, Suriyada Assad tarafida harbiy havo kampaniyasini olib borayapti. Natijada hukumat faqat u yer-bu yerda, xususan, Hims, Hamo va Halabda olg'a siljiganday, deydi Amerika tomoni. Eron inqilobiy gvardiyasi askarlari, Eron tomonidan mashqdan o'tkazilgan iroqlik, pokistonlik va afg'on jangchilar sezilarli bir o'zgarish qilganicha yo'q, deydi ular.

Aksincha, Eron tobora ko'proq talafotlar ko'rayapti. 20 dan 200 nafargacha harbiy jon bergan, xususan, bir necha qo'mondon. Tehron esa hujumga zo'r berayapti.

"Eron o'zining askarlarini tobora keng ko'lamli amaliyotlarga safarbar etishga tayyorday", - deydi Maykl Xorovits, Yaqin Sharq bo'yicha mutaxassis. "Oliy darajadagi eronlik harbiylar nobud bo'layotgani haqida tez-tez eshitayapmiz", - deydi u.

Dushanba kuni Eron matbuoti inqilobiy gvardiya qo'mondoni Muslim Hizabning o'limi haqida xabar berdi. Undan oldin yana uch nafar oliy ofitser halok bo'lgan edi. Oy boshida Suriya armiyasini mashqdan o'tkazayotgan eronlik general Husayn Hamadoniy jangarilar hujumida jon berdi. AQSh razvedkasi bu voqeani Assad uchun yirik zarba deya ta'riflamoqda.

Amerikalik ekspert Matt Makinnisning aytishicha, Tehron bu kurash bunchalik og'ir, mashaqqali bo'lishini o'zi kutmagan.

AQShning Iroqdagi harbiy amaliyotlarida maslahatchi bo'lib ishlagan Makinnis Eron tajribasini AQShning Iroq va Afg'onistondagi tajribasi bilan qiyoslaydi. "Jangarilarga qarshi harakatlar samara bermayapti va Eron ko'proq askar jo'natishga majbur bo'lmoqda. Demak, mintaqaga ko'psonli piyoda qo'shinlar kirishini kutish mumkin", - deydi u.

Bu orada, Rossiya Suriyaga havo va dengiz orqali qurol-aslaha jo'natishda davom etmoqda. Rossiya harbiy havo kuchlarining zarbalaridan esa isyonchilar ziyon ko'rayapti.

Xususan, dushanba kuni Latakiya viloyatidagi hujumda isyonchilar komandiri Basil Zamo o'lgan. U Amerikaning qo'llab-quvvatlovini olgan isyonchilardan hisoblanadi.

Suriya, Eron harbiylari va ularga xayrixoh jangchilar - jami 10 ming kishi - tez kunda keng ko'lamli hujumlarga o'tishi taxmin qilinmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG