Al-Qoidaning Suriyadagi yashirin faoliyati kuchaymoqda

  • Amerika Ovozi

Al-Nusra jangarisi Suriyaning Idlib viloyati, Ariha shahrida. 2015-yil may.

Al-Nusra jangarisi Suriyaning Idlib viloyati, Ariha shahrida. 2015-yil may.

Al-Qoidaning Suriyadagi hamkori deb ko'rilgan "al-Nusra fronti" jangari guruhi isyonchilar orasida tarafdor orttirmoqda. Mintaqaviy hukumatlarni hamkorlikka undab, o’zini “Islomiy davlat” (ID) guruhiga qaraganda ancha mo’tadil deya ko’rsatishga harakat qilmoqda.

IDdan farqli o’laroq, “Jabhat al-Nusra” aholidan shariatga so'zsiz rioya qilishni talab qilmaydi. Guruh Suriyadagi boshqa jangari to'dalar bilan hamkorlik o'rnatib, o'z mavqeini oshirmoqda, deyiladi “Islomiy davlat” va al-Qoida o’rtasidagi urush” deb nomlangan yangi tahlilda.

“Al-Nusra va “Islomiy davlat” ning jamoatchilik ko'zi oldidagi qiyofasi bir-biridan keskin farq qiladi”, - deydi aksil-terrorizm bo’yicha mutaxassis David Gartensteyn-Ross.

“Islomiy davlat” kuch-qudratini namoyish etish va vahshiylik bilan bo'lsa-da o’z irodasini o'tkazish yo'lini tanlagan bo'lsa, "al-Nusra" Yaqin Sharq davlatlari bilan ishlay oladigan mo’tadil jihodchi kuch sifatida gavdalanishga urinadi. Ammo aslida "al-Nusra" unday tashkilot emas”, - deydi suhbatdosh.

Niqob

"Al-Nusra" ning mo’tadilligi aslida niqob ekanini Suriyada ko’rish mumkin. Bu guruh shariatga amal qilishni talab qilsa-da, IDdan farqli ravishda shafqatsiz uslublarini internet orqali namoyish etmaydi. Xalqaro matbuot e’tibori IDda ekan, "al-Nusra" ning asl faoliyati parda ortida qolishi hech gap emas.

Bu tashkilotning asl qiyofasini fosh etmoqchi bo’lgan faollar o’tgan hafta internetda bir qancha qonli fotosuratlarni chop etdi. Idlib viloyatida 56 askar "al-Nusra" tomonidan qatl etilgani tasvirlangan ularda. Harbiylar bir chiziqqa terilib, birin-ketin otib tashlangan.

Atigi bir necha kun oldin AQSh Markaziy razvedka agentligi sobiq direktori, general Deyvid Petreus al-Qoida bilan kurashda "al-Nusra" bilan hamkorlik qilsa bo'ladi, degan taklifni o'rtaga tashlagan edi. 2006-2007-yillarda Iroqda sunniy jangarilar bilan ishlaganmiz, deydi Petreus.

Yolg’on strategiya

Vashingtondagi “Valens Global” konsalting firmasiga ko’ra, "al-Nusra" tanlagan strategiya uzoqni ko’zlaydi. Guruh qayerda faoliyat olib bormasin, aholi fikrini o'rganib, razvedka va zimdan targ’ibot ishlarini olib boradi. Xalqaro koalitsiya nishoniga aylanmaslikka harakat qiladi. Guruhning maqsadi - ID yo’q qilinganida ham omon qolish.

“Al-Nusra hatto AQShga ittifoqchi ayrim hukumatlar, jumladan, Qatar, Saudiya Arabistoni va Turkiyani ID hamda Bashar al-Assadga qarshi kurashda hamkor ekaniga ishontirgan”, - deydi mutaxassislar.

"Al-Nusra" Suriyadagi turli qurollangan to'dalar orasida obro’ qozongani AQSh harbiylari ishini qiyinlashtiradi. G'arb bir necha jabhada, shu jumladan Suriya hukumati, ID, mo’tadil isyonchilar, jihodchilar va kurdlar jang qilayotgan hududda ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga majbur.

O’tgan bir yilda AQSh samolyotlari "al-Nusra" manzillarini atigi bir necha marta nishonga olgan xolos. Gap shundaki, Suriya aholisi orasida bu guruhni hukumatga qarshi samarali kurashayotgan kuchli guruh deb biladiganlar ko'p.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG