"Islomiy davlat" Suriyada yana bir tarixiy obidani vayron qildi

  • Amerika Ovozi

Bel ibodatxonasi, Palmira, Suriya

Bel ibodatxonasi, Palmira, Suriya

"Islomiy davlat" jangari guruhi Suriyaning ko'hna Palmira shahrida yana bir qadimiy ibodatxonaga zarar yetkazdi. Bu safar salkam 2000 yillik Bel ibodatxonasi portlatilgan. Guvohlarga ko'ra, undan faqat devor qolgan.

O'tgan hafta jangarilar Baal Shamin ibodatxonasini ham portlatgan edi. YUNESKO ularning bu ishini urush jinoyati deb atagan.

"Islomiy davlat" Palmirani may oyida egallab, uning tarixiy obidalari va eksponatlarini vayron qildi. Biroq suriyalik faollarga ko'ra, jangarilar eksponatlarning bir qismini pullagan.

Ba'zi xabarlarga qaraganda Bel ibodatxonasi Rim Imperiyasi davridan qolgan bo'lib, u avval Vizantiya cherkovi, so'ng masjid sifatida qo'llandi. Uning vayron etilishi arxeologlar va tarixchilarni larzaga soldi.

Suriya Noyob buyumlari idorasi rahbari Ma'mun Abdul Karim ibodatxonaning hozirgi ahvolidan bexabar ekanini aytadi.

"Guvohlar uni portlatishganini aytishyapti, lekin aslida qanday ahvolda ekanini bilmayman", - deydi u.

"Islomiy davlat" Iroqning Nimrud va Hattar kabi tarixiy joylaridagi arxeologik boyliklari hamda Mosuldagi mashhur muzeyni ham vayron qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG