"Islomiy davlat" siquvda, xorijiy jangarilar vataniga qaytayapti


Suriyadagi markaziy osiyolik jangarilar soni kamaya boshlagan. Ekspertlar “Islomiy davlat” guruhi zaiflashishi ortidan qirg'izistonlik, qozog'istonlik, tojikistonliklar vataniga qaytishi mumkinligini, ammo o'zbek jangarilari boshqa bir ekstremistik tashkilotga qo'shilishi yoki xorijda qolishini taxmin qilishmoqda.

Suriyadagi jangarilar safida bir nechta guruhlarga bo'lingan yuzlab o'zbeklar bor. O'zbekistonda “Islomiy davlat” guruhiga qarshi targ'ibot kuchaytirilgan, ammo radikalizmning asosiy sabablari - inson huquqlari, diniy e'tiqod erkinligi - e'tibordan chetda qolayapti.

“Islomiy davlat” egallagan hududlarini boy bermoqda. Daromad manbai kamayib, yollanma jangarilarga, ularning oilalariga haq to'lashda qiyinchiliklar yuzaga kelgan.

Bu guruh tarkibidagi ko'plab xorijliklarni ortga qaytishga majbur etmoqda, deb yozadi “Nemis to'lqini” xalqaro ekspertlarga tayanib. Nashrga ko'ra, bu jarayon ayniqsa Markaziy Osiyoda davlatlari uchun diqqatli.

Rossiyada asoslangan Afg'onistonni o'rganish instituti eksperti Andrey Serenkoga ko'ra, Suriyadagi jangarilarning vataniga qaytishi masalasi Issiqko'lda o'tgan xalqaro konferensiyada alohida muhokama qilingan. Unda Qirg'iziston, Qozog'iston, Tojikiston, Rossiya huquq-tartibot organlari vakillari qatnashgan.

“Jangarilar bo'yicha rasmiy idoralar berayotgan raqamlar real ko'rsatkichlardan farq qilishi mumkin, ammo hozir ortga qaytayotgan jangarilar oqimi bor. Masalan, Qirg'iziston misolida butun oilasi bilan jo'nab ketganlar qaytishmoqda. Buning uchun maxsus choralar ko'rilgan, jangarilar, ularning oilasi bilan nafaqat ruhshunoslar, diniy ulamolar, avval Suriya bo'lib qaytgan jangarilar ham ishlamoqda. Qaytganlarning soni bir necha yuzdan oshgan, va bu ko'rsatkich Suriyadagi so'nggi vaziyatdan kelib chiqib yanada oshishi kutilmoqda”, - deydi Serenko.

Uning aytishicha, Markaziy Osiyodan Suriyada jang qilayotgan jangarilar soni bo'yicha o'zbeklar yetakchilik qiladi. Ular ham qaytishini kutish mumkinmi?

“Bu haqda biror narsa deyish qiyin, lekin ularning bunday qarorga kelmasligi haqiqatga yaqinroq. Har holda ular Turkiyada turg'unlashib qolishlari, yoki Afg'oniston shimoliga o'tib boshqa bir ekstremistik tashkilotlarga qo'shilishni ma'qul topishlari mumkin. Tojikistonliklar esa yana Rossiyaga mehnat muhojirligiga qaytishi mumkin”, - deydi Serenko.

Rasmiy Toshkent Suriyadagi o'zbekistonlik jangarilar yuzasidan biror ma'lumot bermaydi. Ular soni bir necha yuz kishi atrofida, aksariyati Rossiya va boshqa davlatlarda mehnat muhojirligida yurgan shaxslar, deb ko'riladi.

Rossiyada faoliyat yuritayotgan huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev fikricha, muhojirlarni jihodchilikka undayotgan asosiy sabab - O'zbekistondagi ishsizlik, namozxonlar qamoqqa tashlanayotgani va asosiysi, mehnat muhojirlari bu tazyiqlardan xorijda ham xoli emasligidir.

“Rossiyadagi mehnat muhojirlari haydalsa, siyosiy bosim ishlatilsa, bu shubhasiz, jangarilar ko'payishiga xizmat qiladi. Chunki ularning boradigan joyi yo'q, O'zbekistonda ularni ishsizlik, huquqsizlik kutadi”, - deydi Hamroyev.

Suriyadagi jangari o'zbeklar soni turli manbalarda 500 dan bir necha minggacha ko'rsatiladi. O'zbekistonlik diniy faol Muhammadsolih Abutovga ko'ra, ayni paytda Suriyada o'zbekistonliklarni o'z ichiga olgan va o'zaro ziddiyatli aloqada bo'lgan bir necha guruhlar mavjud.

“Jihodchilik maydonida urushayotgan mintaqaliklar ko'p. Ayrimlari [Suriya Prezidenti Bashar] Assadga qarshi, ayrimlari IShID tarkibida, ayrimlari “Jabhatul Nusra” tarkibida, lekin bu jihodchilarni Markaziy Osiyo birlashtirib turadi deyish noto'g'ri. Ularda, masalan, Turkiston g'oyasi kabi tushunchalar yo'q. O'zbeklar tomonlarga bo'linib, bir-birlariga qarshi urishmoqda”, - deydi Abutov.

O'zbekistonda dindorlarga nisbatan munosabat o'ta keskin va shafqatsiz, deb baholanadi. Bir necha yil avvlgi ma'lumotlarga ko'ra, diniy mahbuslar soni 10 mingdan oshiq. Diniy ayblovlar bo'yicha mahkamalar muntazam o'tkaziladi.

Oxirgi xabarlarga ko'ra, Fargo'na sudi 35 yoshli Farhodjon Rahimovni “jihodchilik” g'oyalarini targ'ib qilishda aybdor topib, 12 yillik qamoq jazosiga hukm qilgan. U internetda turli noqonuniy diniy oqimlarga a'zo bo'lgani, yaqinlaridan shariatga binoan yashashni talab etgani aytilmoqda.

“Jihodchilik targ'iboti” - so'nggi paytda dindorlar ustidan o'tayotgan mahkamalarda tez-tez yangraydigan ibora. Huquq himoyachilari bu sudlarni shubha ostida ko'rib kelishadi. Ekstremizga qarshi bu kurash, deydi ular, aslida avtoritar, repressiv rejimni oqlashga qaratilgan.

“Aslida ekstremizm tahdidi emas, diktator rejimlarni o'z xalqidan qo'rqish tahdidi bor. Xalqdagi bu norozilik ekstremizm bahonasida bostirib kelinmoqda”, - deydi Muhammadsolih Abutov.

O'zbekiston ma'rifiy yo'nalishda ham ekstremizmga qarshi targ'ibotni kuchaytirgan. “O'zbekiston Islomiy Harakati” yetakchilari obrazi yaratilgan film suratga olinishi ortidan Musulmonlar idorasi “Islomiy davlat” guruhiga qarshi fatvolar jamlangan kitob ham chop etdi.

Dunyo musulmon ulamolarining fikrlari jamlangan bu kitob “Islomiy davlat” guruhi olg'a surayotgan aqidalar, chaqiriqlarni fosh etishga xizmat qilishi aytilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG