Suriya muxolifati safida radikal kuchlar ham bor

  • Amerika Ovozi

Yaqinda Marokashda majlis qilgan 100 dan oshiq davlat, jumladan AQSh, Fransiya, Britaniya va Fors ko’rfazi mamlakatlari, Suriya muxolifatini tan oldi.


Ammo Bashar al-Assad hukumatiga qarshi kurashayotgan guruhlar safida ekstremistlarning borligi chuqur xavotir uyg’otmoqda.

Suriya shimolidagi Halab shahri yaqinida muxolifat a’zolari saf tortayapti…

Yana bir shahar yoki harbiy baza qo’lga kiritilgani haqida internetda har kuni yangi bir video chiqadi. Ammo bunisida al-Nusra Fronti nomli islomiy jangchilar ko’rsatilgan. Muxolifat faollari xavotirini yashirmaydi.

Suriya huquq markazi, Londonda joylashgan idora, xodimi Mattaz Suhaylning aytishicha, hukumatga qarshi qurol ko’targanlar orasida islomiy kayfiyat kuchayayotgani seziladi.

Shu hafta Halabda yirik harbiy inshootga hujum qilib, uni qo’lga kiritgan ham al-Nusra brigadasidir.

“Halabda ular islomiy sud va odob-ahloq politsiyasini tuzib, odamlarni shariatga muvofiq sudlashyapti”, - deydi Mattaz Suhayl.

Ushbu hol Suriya oppozitsiyasini tan olgan G’arbni ham tashvishga solmoqda. Qo’shma Shtatlar al-Nusra guruhini qora ro’yxatga qo’shib, ikki yetakchisini al-Qoida bilan aloqada aybladi va ularga qarshi sanksiya qo’ydi.

Davlat departamenti rasmiysi Viktoriya Nulandning aytishicha, Assad rejimi o’z xalqini qirish orqali mamlakatda shunday bir muhit yaratganki, ekstremistlar bundan foydalanmoqda.

Mahalliy ekspertlar oppozitsion kuchlar orasida al-Nusrani eng xavflisi deb biladi. Faoliyatini yaxshi tashkillashtirgan va a’lo darajada qurollangan bu guruhga yoshlar katta sonda ergashyapti.

Ammo Yaqin Sharq bo’yicha tadqiqotchi Laylo Hilol Bashar al-Assaddan keyingi Suriya islomiy kuchlar qo’liga o’tishiga ishonmaydi.

“Hozir odamlar o’z manfaatlaridan, mavjud resurslardan kelib chiqqan holda u yoki bu guruhga ergashib yurishibdi”, - deydi olima.

Qatarda joylashgan Brukings tahlil markazidan Salmon Shayx buni muammolarning boshlanishi deb biladi.

“Suriya hech bir vaqt al-Qoida uchun qulay makon hisoblanmagan. Lekin xalqaro hamjamiyat isyon boshlanganidan beri mamlakatni o’z holiga tashlab qo’ydi, nazorat boy berildi. Natijada al-Nusra singari ekstremist guruhlar qanot yoza boshlagan”, - deydi tahlilchi.

Salmon Shayx fikricha, al-Nusra va al-Qoidaning dumini tugishga haliyam kech emas. Buning uchun muxolif koalitsiya effektiv choralar ko’rishi, Amerika esa harbiy treyning va ko’makni oshirishi kerak.

30 mingdan ziyod odamning boshini yegan urush yakun topayapti deyish qiyin. Birlashgan Millatlar Tashkilotida muhokamalar boshi berk ko’chaga kirib qolgan, chunki Xavfsizlik Kengashi a’zolari bu masalada bir-biri bilan kelishmaydi.

Suriya bugun o’ta murakkab bir ahvolda, deydi inson huquqlari markazi xodimi Mattaz Suhayl.

“Urush mamlakatni ko’kka sovurdi. Eng katta shahar Halabda jang maydoniga aylangan. Suriya iqtisodiyoti, infrastrukturasini yer bilan yakson bo’ldi”, - deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG