Breaking News

Suriyalik isyonchilar "Al-Nusra fronti" kuchayishidan xavotirda


Jabhat al-Nusra jangarilari Suriyadagi Taftanaz aviabazasida. 11-yanvar, 2013-yil
Jabhat al-Nusra jangarilari Suriyadagi Taftanaz aviabazasida. 11-yanvar, 2013-yil

Suriyada Prezident Bashar Assadga qarshi isyon ko’targan guruhlar rahbarlari va muxolifat vakillari kelasi oylarda jihodchilar safi kengayishidan xavotirda. Ular nazarida, bunga hukumat armiyasi bilan janglar oqibatida ayrim isyonchi guruhlarning tarqab ketgani sabab bo’ldi.

Isyonchilar bundan avvalambor “Islomiy davlat” guruhi emas, balki al-Qoidaga aloqador "Jabhat al-Nusra" foyda ko’rishini aytmoqda.

Mutaxassislarga ko’ra, "Al-Nusra fronti" taktikasi “Islomiy davlat”nikidan farq qiladi. Ular ayyor, ehtiyotkor, vaziyatga tez moslashuvchan. Aksariyati suriyalik, shu bois “Islomiy davlat”ga qaraganda mahalliy aholi ularni yaxshiroq taniydi va tushunadi.

"Jabhat al-Nusra" va uning hamkori "Ahror ash-Sham" a’zolari Suriya isyonchilari saflarida mustahkam o’rnashgan. Bunga mafkura emas, ularning yaxshi jang qila olishi sabab, deydi isyonchilar qo’mondonlari.

Muxolifat nazarida, "Jabhat al-Nusra" Prezident Bashar Assad hamda unga yordam berayotgan Livanning “Hizbulloh” harakati va Eron qo’shinlariga qarshi kurashdagi asosiy kuchdir.

“Ko’p jangarilar G’arbning qo’l qovushtirib o’tirganidan, Rossiya va Assad qo’shinlariga qarshi chiqmayotganidan g’azabda. Shuning uchun ular jihodchilarga qo’shilishdan boshqa yo’l yo’q, deb hisoblaydi. Ularga kim pul va qurol bersa, o’sha tarafga o’tadi”, - deydi siyosiy muxolifatning taniqli a’zosi Bassam al-Quvaytli.

AQSh Prezidenti Barak Obama “Islomiy davlat” nazoratidagi hududlar qisqarayotganini aytsa, ayrimlar nazarida Al-Qoidaga aloqador guruhlar hududi aksincha kengaymoqda. Halabdan 1,5 yil oldin chekingan bu kuchlar jangarilarini shaharga qayta safarbar etmoqda.

O’tgan oy Assad qo’shinlari Rossiya harbiy-havo kuchlari yordamida Suriya shimoliga hujumlarini kuchaytirdi. “Al-Nusra fronti” jangarilari bir necha joyda nazorat punktlari o’rnatdi, Halabning isyonchilar qo’lidagi bir necha tumanida yirik bino va omborxonalarni idora va kazarma sifatida ishlatish uchun ulardan tortib oldi.

G’arb mo’tadil deb bilgan isyonchilar va arab millatchilarining Halabda qo’shma politsiya kuchlarini tuzish taklifini al-nusrachilar rad etdi. Bu esa o’z navbatida al-Qoidaning isyonchilar nazoratidagi tumanlarda o’z tartibini o’rnatishga intilayotgani haqidagi xavotirlarni yanada kuchaytirdi. Turkiyaning janubiy chegaralarida yashovchi aholi qo’shni mamlakatda urush tugamayotganidan tashvishda.

“Amerikaliklar, ruslar, Assad rejimi – barchasi suriyaliklar o’limiga javobgar”, - deydi Turkiyada jon saqlayotgan Mustafo ismli suriyalik qochqinlardan biri.

Vashingtonlik tadqiqotchilar fikricha, AQSh hukumati ba’zi suriyaliklar orasida keng tarqalgan “G’arb suriyalik sunniylarni Eron, Assad va Rossiyaga topshirib ketdi” degan fikrni o’zgartirishi kerak.

Suriyaga doir strategiyani ishlab chiqayotganda eng murakkab vazifa – "Jabhat al-Nusra"ni yo’q qilish uchun uni muxolifatdan ajratish vositalarini aniqlash, deyiladi “Jabhat al-Nusra" va “Islomiy davlat”: Qudrat manbalari” deb nomlangan yangi hisobot xulosasida.

Suriya muxolifati tomonidan tuzilgan muvaqqat hukumat bosh vaziri muovini Nodir Usmon fikricha, Assad hukumati va Rossiya kuchlari bunday strategiyani yaratishga, "Al-Nusra fronti"ga qarshi samarali kurashishga halaqit bermoqda.

Unga ko’ra, BMT vositachiligida erishilgan sulh kelishuviga "Jabhat al-Nusra"ni qo’shmay, unga qarshi zarbalarning davom etayotgani isyonchilar orasida bu guruhga nisbatan hamdardlik va xayrixohlikning kuchayishiga sabab bo'lmoqda.

“Assad qo’shinlarining hujumi mo’tadil qarashdagi guruhlar uchun katta zarba bo’ldi. Ularning a’zolari endi "Al-Nusra fronti" va "Ahror ash-Sham"ga qo’shiladi. Bu mantiqiy natija. Axir Rossiya hujumlarining bor-yo’g’i besh foizi “Islomiy davlat”ga qarshi qaratilgan edi, qolganlaridan biz, mo’tadil guruhlar, aziyat chekdik. Assad rejimiga aynan shu kerak edi, ya’ni mo’tadil, muqobil kuchni yo’q qilish”, - deydi Nodir Usmon.

Turkiyadagi bir yevropalik diplomat esa katta tahdid haqida ogohlantiradi.

“Bundan buyon bu urushda terrorchilar ko’payaveradi. Jangarilar radikallashadi. Assadni ular qanchalik o’ziga dushman deb bilsa, endi bizni ham shunchalik dushmani deb bilishadi. Chunki ular butun dunyo bizga qarshi deb, jang qilishda davom etadi”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG