Suriya muxolifati orasida ekstremist guruhlar bormi?

  • Amerika Ovozi

Suriyada muxolifat va hukumat kuchlari o’rtasidagi to’qnashuvlar kundan-kunga shiddatli tus olmoqda. Ozod Suriya armiyasi safiga Al-Qoida kabi terrorchi guruhlarga aloqador xorijiy jangarilar ham kelib qo’shilmoqda, degan taxminlar bor. Ayrim mutaxassislar fikriga ko’ra, internetga qo’yilayotgan ba’zi videolar ushbu taxminlarni tasdiqlaydi.

Halab shahri tevaragida Ozod Suriya armiyasi jangchilari faol. G’arb va Fors ko’rfazi mamlakatlari ularga moliyaviy yordamni oshirar ekan, jangchilar safiga ekstremist kuchlar ham qo’shilmoqda, degan xavotirlar bor.

Londondagi Kings kollejida Radikallashishni o’rganish xalqaro markazi tahlilchisi Sheroz Mehrga ko’ra, internetdagi materiallar shunday xavotirlarga asos beradi. Masalan, videolardan birida portlash amaliyoti Al-Qoida tomonidan amalga oshirilgani da’vo qilinadi, deydi mutaxassis.

“Al-Qoidaga aloqasi bor yoki yo’qligidan qat’iy nazar, islomiy guruhlarning Suriyada faollashgani rost. Bu kabi videolarning haqiqatga yaqinligini mustaqil aniqlash juda qiyin. Ammo boshqa ma’lumotlar bilan ularni qiyoslashimiz mumkin. Bu videolar hozir Al-Qoidaga aloqador internet forumlarida kezib yuribdi”, - deydi Sheroz Mehr.

Videolarda islomiy jangari guruhlarni ifodalovchi ramzlar ko’p uchramoqda. Shular orqali jihodchi jangarilarning muxolifatga qo’shilayotganini anglash mumkin, deydi Mehr.

“Ularni Al-Qoidadan deb aytishyapti. Islomiy guruhlardan ekani aniq. Buni ko’tarib olgan bayroqlaridan, videoga qo’yilgan ramziy yozuvlardan payqash mumkin. Ular muxolifat nazoratidagi hududlarga yordam jo’natishyapti. Mahalliy aholi qo’llab-quvvatloviga erishish uchun”, - deydi tahlilchi.

So’nggi oylarda arab matbuoti Ozod Suriya armiyasi tarkibida xorijlik jangchilarning paydo bo’lgani haqida yozmoqda. Ularning aniq sonini bilish qiyin, ammo armiya safida borligi aniq, deydi Mehr.

“Saudiya Arabistoni, Misr, Liviya va Iordaniyadan odamlar bor. Albatta, buning sababi bor. Ular Bashar al-Assad rejimiga qarshi bo’lgan Fors ko’rfazi mamlakatlaridan. Bu davlatlardagi ko’plab diniy ulamolar Bashar al-Assadni murtad deb e’lon qilgan”, - deydi londonlik tahlilchi.

Mehrning aytishicha, Suriyadagi qo’zg’olonga ekstremist guruhlar e’tibori, dastlab, uncha sezilmagan. Ammo so’nggi oylarda ular mavjud vaziyatdan unumli foydalanishga harakat qilmoqda, deydi tahlilchi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG