Suriya bilan chegarada AQSh maxsus kuchlari joylashtirilgan

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar Suriya bilan chegarada, Iordaniyada kichik sonli harbiy bo’linmasini joylashtirgan. Undan maqsad nima? Askarlarga qanday vazifa yuklangan?

Suriyadagi xunrezlik sekin-asta kattayu kichik davlatlarni o’z domiga tortmoqda. Hatto unga aralashmaslikka ahd qilgan Amerikani ham.

AQSh o’tgan yil oxirlarida qo’shni Iordaniyaga zobitlarini jo’nata boshlagan edi. Taxminan 200 kishilik batalyon turli ssenariylarga, masalan, mojaro qo’shni yurtlarga tarqalishi yoki Suriyadagi kimyoviy qurollar qo’ldan boy berilishiga tayyor turishi kerak.

Mudofaa vaziri Chak Xeygl harbiy aralashuv ehtimolini rad etmaydi, ammo Suriyaga kelganda bu eng so’nggi chora. Shunga qaramasdan, iordaniyaliklar orasida vahima seziladi.

“Hammamizga ma’lumki, bir davlat ikkinchisiga qo’shin yuborsa, bu urushdan darak”, - deydi mahalliy jurnalist Assil Mezher.

Qo’shni o’lkadagi mojaro Iordaniyani shundoq ham o’gir ahvolga solib qo’ygan. Qariyb yarim million suriyalikni himoyaga olish oson emas. Buning ustiga, Suriya hukumatiga xayrixoh va isyonchilarni qo’llayotgan turli ittifoq va uyushmalar Iordaniyani o’z tarafiga og’dirishga harakat qilmoqda.

Qirollik urushda rasman hech bir tomonning yonini olmagan bo’lsada, AQSh qo’shinlariga mezbonlik qilayotgani sabab uni oppozitsiya tomonda deb ko’rishmoqda.

Iordaniyada ayrimlar amerikalik askarlarni olqishlaydi, lekin AQSh isyonchilarni to’g’ridan-to’g’ri quvvatlayotgani xato ish, deydi mahalliy tahlilchilardan Salom al-Falahat.

“Vashingtonning bu harakatlarini arab davlatlari qoralagan. Shu bilan birga, Suriya inqilobi nomiga ham dog’ tushiryapti”, - deydi u.

Obama ma’muriyati rasmiylari harbiy aralashuv murakkab bir qaror ekani va kutilmagan oqibatlarga olib kelishini tushunamiz, deydi.

“Los-Anjeles Tayms” gazetasi yaqinda chop etgan bir maqolaga ko’ra, AQSh regionga 20 ming atrofida askar safarbar etishi mumkin.

“Amerika o’zi nima istashini tushunish qiyin, ayniqsa Suriya masalasida biror aniq gap aytgani yo’q”, - deydi tahlilchi Fayz al-Duairiy.

Kuzatuvchilar fikricha, ko’p yillik urushlardan toygan AQSh regionga katta qo’shin tortishini kutmasa ham bo’ladi. Ehtiyot chora sifatida kichik sonli maxsus bir guruh Iordaniyada joylashtirilgan xolos.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG