Suriya bo'yicha tinchlik muzokaralariga tayyorgarlik avjida

  • Amerika Ovozi

AQSh davlat kotibi Jon Kerri Iordaniya qiroli Abdulla bilan muloqotda, O'lik dengiz yonida, Irodaniya, 26-may, 2013-yil

AQSh davlat kotibi Jon Kerri Iordaniya qiroli Abdulla bilan muloqotda, O'lik dengiz yonida, Irodaniya, 26-may, 2013-yil

AQSh davlat kotibi Jon Kerri bugun Iordaniyada o’tayotgan Jahon iqtisodiy forumida ishtirok etdi. Kerri tadbir davomida kelasi oy Jenevada Suriyaga doir bo’ladigan tinchlik muzokaralari xususida hamkor davlatlar diplomatlari bilan gaplashgan.

Muzokaralarda ilk bor Suriya muxolifati va hukumati vakillari uchrashib, mamlakat kelajagini muhokama qiladi. Suriya tashqi ishlar vaziri Valid al-Muallimning aytishicha, Bashar Assad vakillari tinchlik anjumanida ishtirok etishga rozi, chunki bu mojaroga barham berishga yaxshi imkoniyat. Muloqotni Suriya muxolifatini qo’llab-quvvatlayotgan Qo’shma Shtatlar va Assadga xayrixoh Rossiya tashkillashtirmoqda.

Muxolifat ham muzokaralarda qatnashishga qaror qilgan, ammo uning yetakchilari muloqotdan biror foyda bo’lishidan shubhalanmoqda. Assadga qarshi kuchlarning asosiy talabi prezident iste’fosi, biroq Suriya rahbari saylovlargacha hokimiyatdan ketmasligini aytgan.

Kerri Suriya masalasini shu hafta Efiopiyada Afrika Ittifoqi sammiti doirasida BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun va Misr prezidenti Muhammad Mursiy bilan uchrashuvlari chog’ida muhokama qilgan.

BMT rahbari yaqinda Rossiyada bo’lib, prezident Vladimir Putin va tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan shu xususda gaplashgan. Prezident Mursiy AQSh va Rossiyaning tinchlik muzokaralari o’tkazish tashabbusini olqishlashini aytdi. Iordaniyadan so’ng Kerri Parijga borib, Lavrov bilan uchrashadi.

Bu o’rtada Suriya havo kuchlari muxolifat qo’lidagi Qusayr shahriga hujum qilib, 27 isyonchi va uch fuqaroni o’ldirgan. Xabarlarga ko’ra, Assad kuchlariga Livandagi Hizbulloh jangarilari yordam bermoqda. Suriya muxolifatining bildirishicha, Qusayr va poytaxt Damashqqa hujumlarda Hizbulloh va eronlik jangarilar qatnashmoqda.

Livan xavfsizlik rasmiylarining ma’lum qilishicha, bugun poytaxt Bayrutga ikki raketa tushgan. Hizbulloh jangarilari yashaydigan mahalla nishonga olingani aytilmoqda. Uch kishi yaralangan. Raketalarni kim otgani noma’lum, biroq qo’shni Suriyada Assadga qarshi kurashayotgan kuchlar Suriya hukumatiga yordam berayotgan Hizbullohdan shu tariqa o’ch olgan bo’lishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.

Kecha Hizbulloh rahbari Hasan Nasrulloh nutq so’zlab, Assad hukumatiga qarshi hujumlarga jim qarab turmaymiz, Suriya hukumatini qo’llab-quvvatlash bilan Livanni radikal islomiy kuchlardan himoya qilamiz, degan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG