Kerri: Xalqaro yordam Suriyada mo’tadil kuchlarga borsin

  • Amerika Ovozi

Ozod Suriya jangchilari

Ozod Suriya jangchilari

Davlat kotibi Jon Kerri so’zlariga ko’ra, Suriya muxolifatiga atalgan har qanday madad mo’tadil kuchlarga quvvat bo’lishi lozim.

Kerri deydiki, ikki yildan beri urushdan boshi chiqmayotgan Suriya xalqi xavfsizligi hamma narsadan ustun.

Qatarda matbuot anjumanida so’zlagan rasmiy "Suriyada urush tugashini, talofatlar barham topishini va xalq nihoyat erkin nafas olishini istaymiz", - dedi.

Tashqi dunyo Suriya oppozitsiyasiga qanday yordam uzatayotganidan Amerika boxabar. Barcha ko’mak mo’tadil qarashdagi guruhlar qo’liga borsin, deydi AQSh mulozimlari.

Tahlilchilar ayrim ekstremist elementlar, al-Qoidaga aloqador odamlar Suriya muxolifatiga qo’shilib borayotgani haqida ogohlantiradi. Lekin Jon Kerrining aytishicha, isyonchilar hozir avvalgidan birdamroq, jipsroq.

Qatar Bosh vaziri, Hamad bin Jassim bin Jabr al-Taniy G’arb mamlakatlarini qo’zg’olonchilarni qurol bilan ta’minlashga chaqirib keladi.

Saudiya Arabistoni - Bashar al-Assadga qarshi kuchlarni ochiqchasiga qurol-aslaha bilan ta'minlab kelayotgan tuzum.

Kerri qirollikda muzokara olib borganida, bu ko'mak davom etadi degan bayonotlar yangradi.

Dunyo qancha ko’p kutsa, ekstremistlar muxolifat orasiga kirib olishi shuncha oson bo’ladi, deya ogohlantiradi u.

Iordaniya qiroli Abdulla Anqarada Turkiya prezidenti Abdulla Gul bilan muloqoti paytida ham shu mavzuni ko’tardi.

“Qatliomga zudlik bilan chek qo’yish uchun siyosiy yechim zarur. Xavfsizlikni tiklab, hududiy yaxlitlikni ta’minlash, xalq birdamligini qo’llash masalasida siyosiy iroda namoyish etaylik. Hamma qatlam, elatlarni o’z ichiga olgan muvaqqat hukumatgina qon to’kilishlarga yakun yasashi mumkin”, - deydi qirol Abdulla.

U Suriyada gumanitar ahvol og’irlashib borayotganiga e’tibor qaratib, qochqinlar oqib kelayotgan Iordaniya, Turkiya va boshqa mamlakatlarga yordam qo’lini cho’zishga da’vat etdi.

“Iordaniy va Turkiya bu mas’uliyatni bo’yniga oldi, lekin buning og’iri hazil ish emas. Suriya ahliga qo’lda keldan madadni ta’minlab berishga tayyormiz, lekin xalqaro hamjamiyat ham Livan, Turkiya va Iordaniyani suyab yuborsa, ma’qul edi”, - deya so’raydi qirol Abdulla.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG