Kerri Suriya anjumaniga umid bog'lamoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh davlat kotibi Jon Kerri

AQSh davlat kotibi Jon Kerri

AQSh davlat kotibi Jon Kerri Suriya rasmiylarining tinchlik muzokaralarida ishtirok etishiga umid bildirmoqda. Muxolifat Suriya prezidenti Bashar Assad hokimiyatdan ketmaguncha muloqotga qo’shilmaymiz, degan edi. Suriya rasmiylari ham o’z navbatida bu kabi talablar olg’a surilsa, muzokarada qatnashmaymiz, deya javob bergan.

Kerri bugun Polshaga safari chog’ida Suriya mojarosiga harbiy yechim yo’q, barcha tomonlar o’tirib, gaplashishi kerak, dedi.

"Umid qilamanki, Suriya hukumati Jenevada uyushtirilayotgan jarayonda qatnashib, mojaroga diplomatik yechim topishda o’z hissasini qo’shadi. Biz ham, muxolifat ham o’sha yerda bo’lishini kafolatlaymiz", - dedi Kerri.

AQSh davlat kotibiga ko’ra, muzokaralardan maqsad Suriyada muvaqqat hukumatga kelishish, toki u o’z xalqiga mamlakat kelajagini belgilashda imkon yaratsin.

BMT va Arab Ligasining Suriya bo’yicha maxsus vakili Laxdar Braximiy bugun Jenevada Xavfsizlik Kengashiga doimiy a’zo mamlakatlar vakillari bilan uchrashmoqda.

Majlis ikki bosqichda o’tdi. Avval Braximiy Rossiya va AQSh tashqi ishlar vazirlari o’rinbosarlari bilan gaplashgan, so’ng esa ularga Britaniya, Xitoy va Fransiya vakillari qo’shilgan.

AQSh va Rossiya tinchlik muzokaralarining asosiy tashkilotchilaridan. Muloqot kuni hali belgilanmagan, ammo shu oy bo’lishi kutilmoqda.

Bugun Nyu-Yorkda BMT Xavfsizlik Kengashida Suriya kimyoviy qurollarini yo’q qilish amaliyoti bo’yicha birinchi hisobot tinglanmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG