Suriyada isyonchilar qo'mondoni almashdi

  • Amerika Ovozi

General Salim Idris, Suriya Ozod armiyasi kuchlari sobiq qo'mondoni

General Salim Idris, Suriya Ozod armiyasi kuchlari sobiq qo'mondoni

Suriyada hukumatga qarshi kurashayotgan Ozod Suriya armiyasiga yangi qo’mondon tayinlangan. Isyonchilar so’nggi oylarda hukumat qo’shinlari va islomiy jangarilarga boy berib kelmoqda.

Guruh Salim Idris faoliyatini qoniqarsiz deb baholab, uning o’rniga Abdulilla al-Bashirni tayinlagan.

Asosiy muxolifat hisoblangan Suriya milliy koalitsiyasi rahbari Ahmad Jarba yangi qo’mondonning tayinlanishini olqishlagan.

Bu o’rtada AQSh davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Suriya hukumati muxolifatni jang maydonida mag’lub etmoqchi va Rossiya Bashar Assad rejimiga bunda yordam bermoqda.

Kerriga ko’ra, Moskva Damashqni qurol bilan ta’minlashda davom etmoqda.

"Assad mojaroni siyosiy yo’l bilan, muzokara stoli atrofida hal etishni istamay harbiy harakatlarga zo’r bermoqda", - dedi AQSh davlat kotibi.

Kerri Jenevada Suriya hukumati va muxolifati o’rtasida kechayotgan muzokaralarda e’lon qilingan tanaffusdan foydalanib, xalqaro hamjamiyatga bundan keyingi qadamlarni muhokama qilishni taklif etmoqchi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, uning hukumati har kuni Suriya rasmiylari bilan majlis qilmoqda va mamlakatdagi muammolarning aksariyati terrorchilar va ekstremistlar harakatidan kelib chiqmoqda.

Muloqotning ikkinchi davrasi shanba kuni hech bir natijasiz yakunlandi. Muzokaralar qachon davom etishi hali belgilanmagan.

Kerri bugun Birlashgan Arab Amirliklarida bo’lib, mahalliy rasmiylar bilan Suriya mojarosi, Isroil-Falastin tinchlik bitimi va Eron yadro dasturini muhokama qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG