Kerri: Suriyadagi tanazzulga yechim topish uchun hozir ayni muddao

  • Amerika Ovozi

Jon Kerri, Germaniya Tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Staynmayer Myunxendagi anjumanda. 13-fevral, 2016-yil.

Jon Kerri, Germaniya Tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Staynmayer Myunxendagi anjumanda. 13-fevral, 2016-yil.

Amerika bosh diplomati Jon Kerrining aytishicha, Suriyadagi tanazzulga yechim topish uchun hozir ayni muddao. Davlat kotibi Myuxendagi xavfsizlik anjumanida so'zlar ekan, bugun qaysi tarafning qo'li baland kelmasin, oxir-oqibat siyosiy murosa bilangina tinchlikka erishish mumkin bo'ladi, deydi u.

Kerri nazarida yaqin kunlar, oylarda qabul qilinadigan qarorlar yo urushni to'xtatadi, yo uni alanga oldiradi.

Bugun, shuningdek, Rossiya bosh vazirining aytishicha, uning davlati Suriyada tinch aholi manzillarini bombardimon qilayotgani haqidagi ayblovlar asossiz. Dmitriy Medvedev buni isbotlovchi dalillar yo'q, deydi.

Sal oldin Fransiya Bosh vaziri Manuel Valls Kremldan Suriyada aholi turar-joylarini havodan urishni bas qilishni talab qilib chiqqan edi.

Rossiya va Fransiya bosh vazirlari Yevropa, Rossiya va boshqa mamlakatlar rasmiylari qatorida bugun, shanba kuni Myunxenda Suriyaga doir anjumanda ishtirok etmoqda.

Myuxenda kecha Suriyadagi zo'ravonliklarni bas qilish yo'lida ishlashga doir kelishuv e'lon qilingan edi. Lekin bu bayonotdan bir necha soat o'tib, Suriya rahbari Bashar al-Assad fransuz matbuotiga intervyusida butun davlatni qaytarib olish niyatini bildirgan. Muzokaralarni qo'llab-quvvatlayman, lekin terrorizmga qarshi kurashni to'xtatmaymiz, dedi u.

Myuxenda erishilgan bitim terrorchi guruhlar, xususan, "Islomiy davlat" va al-Nusra fronti bilan otishmani bas qilishni nazarda tutmaydi. Biroq Assad hukumati va Rossiya butun muxolifatni, barcha isyonchilarni terrorchi va ekstremistlar toifasiga kiritib qo'yib, ularga o'q yog'dirmoqda.

Shunday ekan, Amerika diplomati Jon Kerri kelishuvni e'lon qilayotib, katta umidlar bog'lamaslik haqida ogohlantirdi. Bitim qog'ozda xolos, gap unga qanchalik amal qilishlarida, dedi u.

Hujjatda sulh haqida so'z bormaydi, balki xorij davlatlarining kelasi bir hafta ichida zo'ravonliklarni tugatish yo'lida astoydil ishlash qarorini belgilab beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG