Suriya kurdlari islomchilarni yengib, avtonomiya e’lon qildi

  • Amerika Ovozi

Suriyadagi eng kuchli kurd guruhlaridan biri mamlakat shimoli-sharqida avtonomiya e’lon qildi.

Muxbirimiz Genri Rijvellning xabar berishicha, ushbu bayonot nafaqat fuqaro urushini chigallashtiradi, balki qo’shni Turkiya va Iroq uchun ham boshog’riq.

So’nggi haftalar mobaynida Turkiya chegarasiga yaqin bir necha qishloqdan islomiy jangchilar haydab chiqarilgan. Suriya kurdlarini birlashtirib turgan Demokratik Ittifoq partiyasi endi bu hududlarni o’zimiz boshqaramiz, deya ma’lum qildi.

Partiya rahbari Solih Muslim islomchilar mag’lubiyatini quyidagicha izohlaydi:

“Ularning muddaosi pul ishlash, pul deb har narsaga tayyor. Islomchilar dastidan Suriyada taxminan uch ming kishi halok bo’ldi. Avvaliga kuchli bo’lgan bu to’dalar hozir zaif”.

Suriya muxolifati nazarida kurdlar prezident Bashar al-Assadga sodiq armiya bilan til biriktirgan. Demokratik Ittifoq partiyasi bu ayblovchi qat’iyan rad etadi.

Siyosatshunos Robert Lou tahlilicha, o’tgan yili kurdlar nazoratidagi hududlardan hukumat qo’shinlarini olib chiqish borasida muzokara kechgan bo’lsa-da, tomonlar azaldan bir-biriga dushman.

“Suriya hukumati ehtimol vaqt yutish uchun yoki urush bilan band bo’lib hozircha indamayapti. Lekin kurdlar avtonomoya e’lon qilishgacha borgani rejimga ma’qul kelmasligi aniq. Davlat parchalanib ketishiga mutlaqo yo’l qo’yishmaydi”, - deydi ekspert.

Suriya kurdlari qo’lga kiritgan yutuqlar Turkiya uchun o’ziga xos muammolar yaratadi.

Chegarada nazorat sust. Turkiya hukumatining o’rtada devor barpo etish taklifi kuchli qarshilikka duch kelmoqda.

Ma’lumki, Anqara Kurdiston ishchilar partiyasi, qisqacha PKK bilan sulh borasida muzokara qilib keladi. PKK Suriyadagi kurd guruhlari bilan yaqin aloqada.

Kurdlar Iroq shimolida o’zining yarim muxtor davlatiga ega. Bu xalqni yagona bir davlat ostida birlashtirish hamon bir orzu, deydi Robert Lou, ammo Iroq shimolidagi hukumat Suriyadagi jarayonlarni tashvish bilan kuzatmoqda.

“Iroq kurdlari Suriyada muxtoriyat e’lon qilgan kurd fraksiyasi bilan ittifoqchi emas. Chunki bu Turkiyani g’azablatirgan bo’lardi”, - deydi olim.

Tahlilchi Ibrohim Sirkechi nazarida esa mintaqadagi jarayonlar kurd mustaqilligi uchun zamin hozirlayotgandek.

“Bu orzu federal tizim yoki konfederatsiya shaklida amalga oshishi mumkin. Ko’rinishidan hozir hech qanday to’siqlar yo’q. Davlatchilik uchun sharoit bor”, - deydi mutaxassis.

Kurdlarning avtonomiya haqidagi bayonoti Suriyadagi mojaroni yanada chigallashtirdi. Hukumatga qarshi kurashayotgan isyonchi guruhlar tobora bo’linib, tarqoqlashib borayapti.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG