Suriya urushi kurdlarga ona tilini rivojlantirish imkonini berdi

  • Amerika Ovozi

Suriyaning Amuda shahrida kurd bolalari ona tilini o'rganmoqda

Suriyaning Amuda shahrida kurd bolalari ona tilini o'rganmoqda

Suriyadagi fuqarolar urushi va “Islomiy davlat”ning kuchayishi oqibatida suriyalik kurdlar mamlakat shimoli va shimoli-sharqini nazorat qila boshladi. Hozir ularda o’z urf-odatlariga bemalol rioya qilish va, eng muhimi, kurd tilini rivojlantirish imkoni bor. Prezident Bashar al-Assad va uning otasi Hofiz al-Assad hukmronligi davrida kurd tilida so’zlashish taqiqlangan edi.

Kurdlar yashaydigan hududlarda hozir Suriya hukumatiga qarashli qo’shinlar deyarli yo’q. Demak, tilni o’rganish va yosh avlodga o’rgatish imkoni paydo bo’ldi.

Amuda shahridan kurd tili o’qituvchisi Ismoil Umar bu vaziyatni juda yaxshi, deydi. “Yaqinda 31 o’quvchi kurslarimizni tugatdi. Suriya inqilobi boshlanganidan buyon bu ish bilan mashg’ulmiz”, - deydi u.

2011-yildagi isyondan oldin kurdlar yashaydigan hududda faqat arab tilida tahsil olish mumkin edi. Kurdlar uyda, kundalik hayotda ona tilida gaplashgani bois tilni saqlab qolishga muvaffaq bo’ldi.

Endi esa farzandlarimizga ona tilimizni o’rgatish vaqti keldi, deydi Qamishli shahridan ta’lim qo’mitasi rahbari Samira Hoji Ali. “O’nlab yillar davomida hukumat tilimizda so’zlashish, uni o’rganishni man etib kelgan. Endi esa bolalarimiz ona tilida tahsil olish imkoniga ega”, - deydi u.

Kurdistonning yangi rahbarlari kurd tiliga arab va suriyon tillari barobarida rasmiy til maqomini berdi, maktablarda yangi o’quv dasturi qabul qilindi.

“Yangi o’quv yilida boshlang’ich maktab uchun ishlab chiqilgan yangi kitoblardan foydalanamiz. Matematika va boshqa aniq fanlar bundan buyon kurd tillida o'qitiladi”, - deb tushuntiradi Qamishli davlat maktablaridan birida o’qituvchilik qiladigan Abdulsalom Muhammad.

Ammo aholi orasida ta’lim tizimidagi o’zgarishlardan norozilar ham bor. Yosh avlodga kurd tilini o’rgatish yaxshi, lekin kurd tilida o’qiy oladigan bolalar kam, ularni asta-sekin tayyorlash kerak, birdaniga darslarni kurd tilida o’tish noto’g’ri, deydi ular.

“Bolalarimizning kurd tilida o’qishiga qarshi emasmiz. Bu ona tilimiz, albatta, uni yaxshi ko’ramiz. Ammo birdaniga bolalarga kurd tilidagi kitoblarni tiqishtirish yaramaydi”, - deydi uch farzand onasi Nesrin Malla.

Xususiy maktablar kurd tiliga o’tmagan, o’quvchilar hamon arab tilida tahsil oladi. Biroq bu yerda o’qish narxi baland bo’lgani sababli ayrim ota-onalar bolalarini kurd maktablariga berishga majbur.

Tilshunoslar ham bolalarga yangi tilda dars berish ularning o’rganish va o’qish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko’rsatishidan xavotirda.

“Kurd tilini kiritish jarayoni asta-sekin amalga oshirilishi kerak. Hech qachon kurd tilidagi darsga kirmagan bolalar qanday qilib yaxshi baho olsin?” - deydi o'qituvchi Ismoil Umar.

Boz ustiga, arab va kurd alifbosidagi farq ham qyinchiliklar tug’dirishi mumkin. Kurd tili lotin alifbosiga asoslangan.

“Bu kichik bir muammo tuyulishi mumkin, lekin aslida - jiddiy masala, chunki o’quvchilar hamma narsani lotin alifbosiga o’girishga majbur”, - deydi Umar.

U bu narsa ancha vaqt olishini aytadi.

Biroq kurd guruhlari ona tilini ilgari surish niyatida qat’iy. Yaqinda ochilgan yangi universitetda kurd adabiyoti, aniq fanlar, muhandislik va tibbiyotdan tahsil olish mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG