Suriya kurdlari kelajak haqida nima deydi?

  • Amerika Ovozi

Suriyaning kurd aholisi bu mamlakatda ketayotgan fuqaro urushida ham islomiy kuchlar bilan, ham o’zaro olishmoqda.

Soad Zenno uch farzandi bilan Suriyani tark etganiga bir yil bo’ldi. O’lkada kurd bayramlarini nishonlashga yoki maktablarda kurd tili darslariga ruxsat yo’q edi, deya eslaydi u.

Ammo Livanning chegara shaharlariga bosh olib ketgan bunday oilalar uchun o’zga yurtda ham ahvol xarob.

“Zo’ravonlikdan bir amallab qochib qutuldik, lekin farzandlarim hozir maktabga ham qatnamayapti”, - deydi Zenno.

Suriya kurdlari mamlakatning turli nuqtalarini qo’lga olish uchun ham islomiy kuchlar bilan, ham o’zaro jang qilmoqda. Ayrim kurd guruhlari amaldagi tuzumni qo’llab-quvvatlasa, boshqalari muxolifat safiga qo’shilgan. Al-Qoida va Jabhat al-Nusra singari islomiy tizimlar kurdlarning ashaddiy dushmani deb ko’riladi.

Tadqiqotchi Jorjio Kafieroning aytishicha, ekstremistlar kurdlarning kallasini olib, al-Qoida talablariga bo’ysunmasangiz mahallalaringizga qiron keltiramiz, deb qo’rqitgan hollar bo’lgan.

Islomchilar va kurdlar o’rtasidagi bunday adovat oqibatida gumanitar ahvol o’ta og’irlashgan. Turkiya, Iroq, Livan, Iordaniya va Misr qochqinlarga to’lib ketgan.

Shuni qayd etish kerakki, Suriyada kurdlar yashovchi yerlarga talab katta, deydi siyosatshunos Daniel Vagner.

“Suriyaning shimoli-sharqiy hududlari, ya’ni asosan kurdlar yashaydigan joylar neftga boy. Islomiy guruhlar bu boylikka qanchalik sherik bo’lishni istasa, hukumat ham bu hududlarni saqlab qolishga qattiq harakat qilmoqda”, - deydi Vagner.

Suriyadan tashqari Iroq, Turkiya va Eron katta kurd jamoalariga ega. Ularning orzusi bir kun kelib o’z davlatiga, o’z Kurdistoniga ega bo’lishdir. Suriyada kurdlar aholining 9 foizini tashkil etadi.

Davlatchilik hozircha bir orzu, deydi Daniel Vagner, lekin bu masala hal bo’lmas ekan, Yaqin Sharqda haqiqiy tinchlik qaror topmaydi.

Qo’shni mamlakatlarda yashayotgan kurd qochqinlari uchun esa bugunning tashvishlari yetib ortadi. 13 yoshli Evi fransuz tilini o’rganishni orzu qiladi, lekin har kuni ertadan kechgacha do’konda ishlashga majbur.

“Suriyada”, deya eslaydi qizaloq, “fizika, matematika, ingliz tili va tarixdan saboq olardik. Lekin maktabimizga bomba tushib, yakson bo’ldi.”

Evining qo’lida nechanchi sinfni bitirganini ko’rsatuvchi qog’ozlar ham yo’q. Livanda uni maktabga qabul qilishmaydi.

Shunga qaramasdan, ayrim kuzatuvchilar Suriya mojarosi oxir-oqibat kurdlarga qo’l keladi, ular kengroq haq-huquqlarga ega bo’ladi, degan fikrda.

“Suriya o’z muammolari bilan bo’lib, qonga botgan bir mahalda kurdlar fursatdan foydalanib avtonomiya uchun kurashni davom ettirmoqda”, - deydi Jorjio Kafiero.

Uch farzandi bilan Livanga qochgan Soad Zenno esa ertangi kunga xavotir bilan qaraydi. Urush bizni bor-butimizdan ayirdi, umidsiz qoldik, deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG