Suriya urushi asoratlari: Livanda qonli to’qnashuvlar

  • Amerika Ovozi

Livan armiyasi janubda sunniy peshvo tarafdorlari bilan olishishda davom etmoqda.

Bugun Sidon shahrida tank va zirxlangan avtomobillarga mingan askarlar shayx Amad al-Assirga sodiq kuchlar bilan o’q almashgan. Mojaro qo’shni Suriyadagi urushning asorati deya ko’riladi.

Sunniy arbob Assir Suriyada prezident Bashar al-Assadga qarshi kurashayotgan isyonchilarni qo’llab-quvvatlab keladi.

Livanda esa shia Hizbulloh guruhi va uning ittifoqchilari hukmron. Hizbulloh jangchilari Suriyaga borib, Assad tarafida kurashib keladi.

Livanda kecha kunduz kuni armiya Assirga moyil bir shaxsni qamoqqa olganidan keyin to’qnashuvlar avj olgan. Shayxga xayrixoh odamlar o’tish-nazorat punktiga hujum qilib, kamida 12 askarni o’ldirgan. Livan hukumatining bildirishicha, peshvoga moyil bir necha shaxs ham halok bo’lgan.

Suriya borasida AQSh, Rossiya bahsi


Qo’shma Shtatlar va Rossiya Suriyadagi urushda qarama-qarshi tomonlarni yoqlab keladi, biroq har ikkisi mojaroni tugatish borasida hamfikr ekanini ta’kidlaydi. Obama ma’muriyatining isyonchilarni qurollantirish qarori Rossiya e’tirozini uyg’otgan.

Shu bilan birga Kreml rasmiy Damashqqa qurol sotib keladi. Kuni-kecha Dohada isyonchilarni qo’llab-quvvatlovchi davlatlar tashqi ishlar vazirlari majlisida Davlat kotibi Jon Kerri vaziyatni shunday izohladi:

“Vashington va Moskva har xil tarafni suyab keladi va shu siyosatdan qaytmoqchi emas. Buni tushunamiz. Muhimi, har ikki davlat tomonlarni bir davraga yig’ishni, bu urushga yakun yasash zaruratini tushunadi. Mana shuning ustida birgalikda ishlayapmiz”, - deydi Jon Kerri.

Davlat kotibi Jon Kerri va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Suriya hukumati va muxolifatini Jenevada to’plash yo’lidagi sa’y-harakatlarga boshchilik qilayapti. Maqsad Suriyada muvaqqat hukumat tuzish uchun muhit hozirlash. Biroq Vashington talabi shuki, prezident Bashar al-Assad boshqaruvdan ketib, yangi kuchlarga joyini bo’shatib berishi lozim. Moskva bunga ko’nmayapti.

Davlat kotibi Jon Kerri Lavrov va prezident Vladimir Putinning Suriyada muvaqqat hukumat tuzish zarurati haqidagi da’vatlaridan umidimiz katta, deydi. Biroq Kreml Assadni qurollantirishda davom etayotgani vaziyatni izdan chiqarmoqda, deydi u.

“Rossiyaning qo’llab-quvvatlovida Assad kuchlari Eron va Hizbulloh yordamiga tayanib, Suriya xalqiga qarshi shafqatsiz urush olib bormoqda”, - deydi Jon Kerri.

Putin nazarida esa muammo Amerika Suriya muxolifatiga o’q-dori, aslaha yetkazayotganida. Assadga qarshi kurashayotgan kuchlar safida terrorchilar borligi sir emas-ku, deydi Rossiya rahbari. AQSh jo’natayotgan qurollar kimning qo’liga tushadi? - deya so’raydi Putin.

Bu tafovutlarga qaramasdan, Kerri fikricha, Vashington va Moskva hamon birga ishlay oladi. Barqarorlik, tinchlikdan har ikki taraf manfaatdor, deydi Amerika bosh diplomati.

Qo’shma Shtatlar va Rossiya rasmiylari ertaga Jenevada BMT mutasaddilari bilan ko’rishib, Suriya yuzasidan xalqaro muzokaralar haqida gaplashishi kutilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG