Bashar al-Assad boshiga Qaddafiyning kuni tushishi mumkinmi?

  • Amerika Ovozi

Suriya prezidenti Bashar al-Assad (o'ngda) BMT va Arab Ligasining maxsus vakili Kofi Annan bilan. Damashq, Suriya, 3-iyun, 2012-yil.

Suriya prezidenti Bashar al-Assad (o'ngda) BMT va Arab Ligasining maxsus vakili Kofi Annan bilan. Damashq, Suriya, 3-iyun, 2012-yil.

Misr sobiq prezidenti Husni Muborakning umrbod qamoq jazosiga mahkum etilishi avtokratik rejimdan bir qadam bo’lsada chekinish borligidan darak beradi. Muborak yoki unga o’xshab amal kursisidan ketgan davlat rahbarlarining taqdiri Suriyaga qanchalik daxldor, rasmiy Damashq bundan qanday saboq olishi mumkin?

O’tgan bir yarim yil ichida arab dunyosidagi qo’zg’olonlar bir necha o’n yillardan beri davlat tepasida turgan to’rt rahbarni hokimiyatdan ag’dardi.

Tunis sobiq prezidenti Zaynobiddin bin Ali Saudiya Arabistonidan boshpana oldi. Liviyada Muammar Qaddafiy uzoq qarshilik qilgan bo’lsada, NATO harbiy kampaniyasi natijasida oxir-oqibat o’z odamlari tomonidan o’ldirildi.

Yamanda esa diplomatik sa’y-harakatlar muvaffaqqiyatli yakun topib, Ali Abdulla Solih hokimiyatni o’rinbosariga topshirishga majbur bo’ldi.

Misrda Husni Muborakning umrbod qamoq jazosiga tortilishi arab avtokratlariga o’z xalqini boshqarishda yaxshi saboq bo’ladi degan umid bor.

Bu voqealar Suriyada ham takrorlanishi mumkinmi? Bu mamlakatda xalq qo’zg’oloni qaysi o’zanga qarab yurmoqda?

Londonda joylashgan Chatxam Uyi vakili Nadim Shahodiyning aytishicha, Suriya prezidenti Bashar al-Assad taqdiri Qaddafiynikiga o’xshab ketadi.

“Assadning Tunis prezidenti Bin Ali yoki Misr rahbari Muborakning yo’lidan borishi uchun ancha kech bo’ldi. Chunki Assad muxolifatning mavjudligini ham tan olmay, unga qarshi hanuz kurashmoqda. Suriya rahbarining taqdiri Qaddafiynikidek yakun topishi yoki Solihnikidek murosa bilan tugashi mumkin”, deydi tahlilchi.

Fors ko’rfazi hamkorlik kengashiga a’zo arab davlatlari rahbarlari aralashuvi tufayli Yaman prezidentining bir necha yolg’on va’dalaridga qaramay hokimiyat nihoyat o’rinbosariga topshirildi. Boshqa diplomatik sa’y-harakatlar natijasiz qolar ekan, so’nggi haftalarda Yaman modeli xalqaro hamjamiyatda tobora ommaviylashib bormoqda.

Tahlilchi Shahodiyga ko’ra esa, Suriyada buning amalga oshish ehtimoli juda kam.

“Menimcha, prezident Assad bilan murosaga kelish juda qiyin. Xalqaro hamjamiyat uning hech bir aytgan gapiga ishonmay qo’ygan. Kelishuvga umid qilmaslik kerak. Hatto prezident Ali Abdulla Solih o’zaro kelishilgandan so’ng ham o’yin o’ynashda davom etdi va hanuz o’ynayapti”, deydi Shahodiy.

Qohiralik siyosiy sharhlovchi Hisham Qosim Yaman modeli Suriya uchun yechim bo’lishi mumkin edi, deb hisoblaydi. Prezident Assad Bin Aliga o’xshab, Eron kabi ittifoqchi davlatlarning biridan boshpana topishi mumkin edi, ammo buning vaqti o’tdi, deydi Qosim.

“Bashar Bin Ali kabi mamlakatdan qochib ketmaganiga afsuslanayotgan bo’lishi mumkin. Chunki hozirgacha u faqat qon to’kish evaziga hokimiyatini saqlab turibdi. Endi esa kech bo’ldi, shuning uchun ham u Bin Ali yo’lidan bormaganini o’z xatosi deb bilsa kerak”, deydi Qosim.

Aksariyat tahlilchilar diplomatik harakatlar natija berishiga ishonmaydi. Qosim shular jumlasidan.

“Assad vaziyatni kuzatib, biror saboq olishga harakat qilyapti, deb o’ylamayman. Qon to’kish va zug’um ko’rsatishdan boshqa hech bir yo’l uni qutqara olmasligini yaxshi biladi va shuning uchun ham shu yo’lda davom etyapti”, deydi Qosim.

Tahlilchining aytishicha, agar Assad hukumati kuch bilan ag’darilsa, Suriya rahbari boshiga Qaddafiyning kuni tushishi aniq va buni Assad juda yaxshi biladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG