Senator Makkeyn: Prezident Obama Suriyani eplay olmadi

  • Amerika Ovozi

Arizonalik AQSh senatori respublikachi Jon Makkeyn

Arizonalik AQSh senatori respublikachi Jon Makkeyn

AQShda respublikachi senator Jon Makkeyn prezident Barak Obamaning Suriya siyosatini tanqidga oldi. Uning aytishicha, prezident 2011-yilda Suriyada ommaviy qirg’inlarni AQSh milliy manfaatlariga bog’liq masala deb, ularning oldini olish AQShning ma’naviy burchi degan edi, ammo bu borada konkret chora ko’rmadi.

Makkeyn Obamaning o’tgan yili BMT Bosh Assambleyasidagi nutqidan ham iqtibos keltirdi.

"Qudratli davlatning ma’naviy mas’uliyati haqida ehtiros bilan gapirgan prezidentimiz qani endi? O’z xalqini qirayotgan qonxo’r zolimning qilmishlarini qabul qilishdan bosh tortgan rahbar qani? Suriyada ommaviy qabrlar haqida gapirgan inson qani", - dedi Makkeyn Senat majlisida.

Obama o’tmishda bir necha bor Qo’shma Shtatlar dunyodagi barcha mojarolarni hal qila olmaydi, doim ham harbiy kuch ishlata olmaydi, ammo repressiya va zo’ravonlikka yuz tutgan odamlarni himoya qilishda ma’naviy mas’uliyatga ega va buning uchun siyosiy va diplomatik qudratini ishga soladi, degan.

Oq uy senatorning so’zlariga javoban prezident siyosatini himoya qildi.

"Makkeyn nima xohlayotganini tushuna olmadik. U Suriyani bosib olishimizni istayaptimi? Mamlakatni bombardimon qilishimizni xohlayaptimi? Prezident bu choralarni hisobdan chiqargani yo’q va bu haqda bir necha bor aytgan. Ammo hozirgi tutgan siyosatimiz eng to’g’risi", - dedi Obamaning matbuot kotibi Jey Karni.

AQSh ma’muriyati Jenevadagi muzokaralar qanday natija bilan tugashini ko’rmoqchi va shundan so’ng siyosatiga tuzatish kiritadi, deydi rasmiylar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG