BMT Xavfsizlik Kengashi Suriyaga kuzatuvchilar yuboradi

  • Amerika Ovozi

Hims shahri, Suriya, 12-aprel, 2012-yil

Hims shahri, Suriya, 12-aprel, 2012-yil

BMT Xavfsizlik Kengashi Suriyaga 30 nafar kuzatuvchini yuborishga bir ovozdan qaror qilar ekan, xavfsizlik kuchlari Hims shahrida isyonchilar pozitsiyasini o’qqa tutgan. Britaniyada yashovchi suriyalik inson huquqlari faollariga ko’ra, hujumda pulemyot va minomyotlar ishga solingan, kamida uch odam o’lgan.

Shimoldagi Aleppo viloyatida esa prezident Bashar al-Assad hokimiyatiga qarshi kurashayotgan isyonchilar politsiya mahkamasiga hujum qilgan.

Xavfsizlik Kengashi kuzatuvchilari yaqin kunlarda mamlakatda bo’ladi. Olti nafari bugun kutilmoqda, deya ma’lum qiladi BMT va Arab Ligasining Suriya bo’yicha maxsus vakili Kofi Annanning idorasi. Kuzatuvchilar hukumat va isyonchilar Annan tinchlik rejasiga qanday amal qilayotganini tekshiradi. Kengashning kecha qabul qilingan rezolyutsiyasiga ko’ra, Suriyada ahvol bir oz barqarorlashgach, kuzatuvchilar soni 250 taga yetkaziladi.

Suriyaning BMTdagi elchisi Bashar Jafariyning aytishicha, hukumat rejaning barcha shartlariga rioya qiladi. Unga muvofiq, tomonlar otishmani to’xtatib, muloqot boshlashi, hukumat askarlarni shaharlardan chiqarishi va siyosiy islohotlarga yo’l berishi lozim.

Rejaga rioya qilish uchun mas’uliyatning katta qismi hukumat bo’ynida, deydi BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun. Unga ko’ra, 20-aprel kuni Jenevada BMT majlisi o’tkazilib, zo’ravonliklar natijasida uy-joyini tashlab chiqqan bir millionga yaqin suriyalik taqdiri muhokama etiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG