Breaking News

BMT Suriyada Annan rejasidan qaytmoqchi emas


BMTning Suriyadagi kuzatuvchi missiyasi rahbari, general-mayor Robert Mud BMT qarorgohida jurnalistlar bilan suhbatlashmoqda, Nyu-York, 19-iyun, 2012-yil
BMTning Suriyadagi kuzatuvchi missiyasi rahbari, general-mayor Robert Mud BMT qarorgohida jurnalistlar bilan suhbatlashmoqda, Nyu-York, 19-iyun, 2012-yil
Suriyalik faollar ma'lumotiga ko'ra, isyonchilar bilan tungi otishma paytida Latakiya viloyatida 30 ga yaqin zobit o'lgan. Jami turli zo'ravonlik va to'qnashuvlarda bugun kamida 53 odam nobud bo'lgan. BMTning kuzatuvchilar missiyasi rahbari mutaxassislar mamlakatda qolishini tasdiqlagan. Tafsilotlar bilan Odil Ruzaliev.

Norvegiyalik general-mayor Robert Mudning aytishicha, Suriya xalqi azob chekishda davom etar ekan, missiyani bekor qilish to'g'ri emas.

General BMT Xavfsizlik Kengashida Suriyadagi vaziyat va missiyaning ishi yuzasidan hisobot berdi. Uning aytishicha, 300 kishidan iborat qurollanmagan kuzatuvchilar so'nggi haftalarda bir necha bor nishonga olingan. BMTning to'qqiz avtomobili shikast yegan.

"Missiya ishi vaqtincha to'xtatilgan, biroq mamlakatdan ketish yo'q", - deydi u.

Tahlilchilar nazarida Kofi Annanning tinchlik rejasi Suriyada ish bermadi. Meksikaning Los-Kabos oromgohida Katta Yigirmalik sammitida qatnashayotgan AQSh va Rossiya rahbarlari ham Suriya masalasi yuzasidan fikr almashdi.

Prezident Barak Obamaning aytishicha, Xitoy va Rossiya Suriya rahbari Bashar al-Assadni hokimiyatdan olishga doir rejani qo'llab-quvvatlamayapti. Biroq har ikki davlat, deydi Obama, Suriya fuqarolik urushiga yuz tutayotganini anglamoqda.

"Suriya rahbariga ishonch qolmadi, zo'ravonlikka barham berishni ko'zlovchi hech bir reja Assadga hokimiyatda qolishga imkon bermasligi lozim", - deydi AQSh prezidenti.

BMT kuzatuvchilari Suriyada aprel oyidan beri ishlamoqda. 90 kunlik mandat iyul o'rtalarida tugaydi. General Mud hukumat va isyonchilardan Hims va boshqa mojaroli zonalardan tinch aholi va yaralanganlarni chiqarishda yordam so'ramoqda.
Bundan boshqa reja yo'q hozircha. Bori bilan ishlashga to'g'ri keladi ...
Xerv Ladsus...

Missiya rahbariga ko'ra, ishlash xatarli bo'lgani uchun xalqaro mutaxassislar ishini to'xtatgan.

"Hukumat va isyonchilardan missiya xavfsizligini ta'minlash so'ralgan, ammo hozircha faqat rasmiy Damashq bunga va'da bergan", - deydi Mud.

Xavfsizlik Kengashi 20-iyulgacha missiya mandatini cho'zishi kerak. Biroq hozircha unga qo'yilgan vazifa va guruh tarkibi o'zgarmaydi. Kofi Annan rejasidan voz kechganimizcha yo'q, deydi BMTning tinchlikparvarlik bilan shug'ullanuvchi bo'limi mudiri Xerv Ladsus.

"Bundan boshqa reja yo'q hozircha. Bori bilan ishlashga to'g'ri keladi", - deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG