Suriya uzra parvozlarni taqiqlash mumkinmi? Liviyadan saboqlar

  • Amerika Ovozi

Suriya muxolifati bir necha oydan beri dunyo hamjamiyatiga murojaat qilib, moliyaviy-harbiy yordam so’rab keladi. Bundan sezilarli natija bo’ldi deyish qiyin. Ayni paytda Suriya uzra harbiy parvozlarni taqiqlash ustida bahs ketmoqda.



Mudofaa bo’yicha ekspertlar avvalo bunday operatsiyaning ko’lami va maqsadlarini aniq belgilab olishni maslahat beradi. Dengiz kuchlari sobiq kapitani Ben Renda 1990-yillarda Iroq shimolidagi harbiy missiyada qatnashgan.

Uning aytishicha, agar parvozlarni man etishdan maqsad isyonchilarga yordam berish bo’lsa, rejani ko’pchilik yoqlamasligi muqarrar.

“Lekin agar qochqinlarni himoya qilish uchun joriy etiladigan bo’lsa, xalqaro hamjamiyat fotihasini olish osonroq bo’ladi”, - deydi u.

Qayd etish joiz, hamfikr davlatlar koalitsiyasi Suriya osmonini nazoratga olishga qaror qilsa, buning uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotidan ruxsat so’rash shart emas.

Misol uchun, 1991 yildan 2003-yilgacha Iroq janubi va shimolidagi kurdlar yashovchi hududlar uzra parvozlar taqiqlangan edi. BMT Xavfsizlik Kengashi bu borada rezolyutsiya qabul qilmagan. Vazifani o’shanda AQSh, Britaniya va Fransiya o’z bo’yniga olgan.

Lekin o’tgan yili Liviyadagi qo’zg’olon paytida parvozlarni man etish operatsiyasi Xavfsizlik Kengashi roziligi bilan amalga oshirilgan. Maqsad aholini hukumat kuchlaridan himoya qilish edi. BMT rezolyutsiyasi ovozga qo’yilganida Rossiya va Xitoy betaraf bo’lgani sabab operatsiyaga kirishilgan edi.

Ammo keyinchalik Pekin va Moskva “ushbu rezolyutsiya kutilmagan natijani berdi, biz Muammar Qaddafiy rejimi ag’darilishini istamagan edik”, deya shikoyat qilgan.

Britaniya havo kuchlarida xizmat qilgan, Iroq urushi faxriysi Pol Smit so’zlariga ko’ra, Rossiya va Xitoy bu gal ancha ehtiyotkor.

“Bu ikki davlat nazarida o’tgan yili xalqaro koalitsiya Liviyada ularga berilgan vakolatni suiiste’mol qilgan, oshirib yuborgan. Rossiya va Xitoy voqealar rivojini alam bilan kuzatib turgan. Endi Suriyaga kelganda, albatta, ular xatosini boshqa takrorlamaydi, dars bo’ldi ularga”, - deydi Smit.

Suriya rahbarini jazolashga qaratilgan uch rezolyutsiya aynan Rossiya va Xitoy qarshiligi sabab ovozdan o’tmadi. Parvozlarni taqiqlash taklifiga ham ular yo’q deyishi turgan gap.

Harbiy tahlilchi Shon Okonnor fikricha, bu gal barcha davlatlarning roziligini olgan ma’qulroq.

“Lekin BMT ishtirokisiz ham ishni bitkazsa bo’ladi. BMT quvvatlovi texnik talab emas, siyosiy talab”, - deydi mutaxassis.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan boshqa tahlilchilar ham o’xshash fikr bildirdi.

“Shunisi aniqki, AQSh yakka holda bu mojaroga aralashgisi yo’q. Hamfikr davlatlar koalitsiyasi tuzilib, Liviyada bo’lgani kabi hammadan hissa qo’shish talab qilinsa va, ayniqsa, arab mamlakatlar jonbozlik ko’rsatsa, maqsadga muvofiq bo’ladi”, - deydi sobiq uchuvchi Ben Renda.

Muammo shundaki, G’arbda ko’pgina davlatlar, jumladan Qo’shma Shtatlar mudofaa xarajatlarini kamaytirayotgan bir paytda, yana bir mojaroga aralashish uchun hech kimda siyosiy iroda va xohish yo’q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG