Suriya shimolida harbiy parvozlar taqiqlanishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Suriya bo’yicha xalqaro vositachi, jazoirlik diplomat Laxdar Braximiy bugun Damashqda rasmiylar bilan vaqtinchalik sulh borasida gaplashmoqda. Prezident Bashar al-Assad bilan ham uchrashishi kutilmoqda.

Braximiy tomonlarni Qurbon hayiti oldidan janglarni bas qilishga undayapti. Mazkur taklifni Turkiya ham qo’llab-quvvatlaydi.

Faollar va shifokorlarning bildirishicha, kecha Suriya armiyasi shimoldagi Halab va Idlib viloyatlarini havodan nishonga olib, 43 kishini o’ldirgan. AQSh aynan shu hududda parvozlarni man qilish ustida o’ylanmoqda.

Davlat departamentidagi muxbirimiz Skott Sterns xabariga ko’ra, Vashingtonni tashvishga solayotgan yana bir masala – Eron hamda Hizbulloh guruhi Bashar al-Assad ma’muriyatiga yordamni oshirayotgani.

Tanklar va og’ir artilleriya joylashtirilgan Suriya-Turkiya chegarasida ham vaziyat keskinligicha qolmoqda.

AQSh Davlat departamenti rasmiysi Viktoriya Nulandning ta’kidlashicha, Turkiya uning hududiga tushgan har bir raketaga mutanosib javob qaytarayotgani shundan dalolatki, qo’shni davlatlar ham bu mojaro girdobiga tortilmoqda.

AQSh Tinchlik Instituti olimi Stiv Xeydeman fikricha, Turkiyaning xatti-harakatlari faqatgina o’z sarhadlarini himoya qilish bilan cheklanmaydi.

“Turkiya prezident Bashar al-Assadga bosimni oshirish bilan bir qatorda, urush alangasi avj olayotganini namoyish etmoqchi, xalqaro hamjamiyatni tezkor choralarga undamoqchi”, - deydi olim.

Shu kungacha Turkiyada 100 mingdan oshiq suriyalik boshpana topgan. Ularning xavfsizligini ta’minlash uchun Suriya shimolida parvozlar taqiqlanishi mumkin.

AQSh rasmiysi Viktoriya Nuland bunday operatsiyani qanday o’tkazish to’g’risida ittifoqchilar bilan maslahatlashyapmiz, lekin hali bir qarorga kelmadik, deydi.

Tahlilchi Stiv Xeydemanning aytishicha, prezident Bashar al-Assad mazkur operatsiya isyonchilarga qo’l kelishini biladi. Ammo unga dalda berayotgan tomonlar bor.

“Suriya rahbari Rossiya, Xitoy, Eron va Hizbulloh guruhi uning tomonida ekaniga ishonadi. Shu bilan birga, ko’rib turishibdiki, unga qarshi bosh ko’targan guruhlarga yordamni oshirish borasida xalqaro hamjamiyat hali bir to’xtamga kelmagan”, - deydi tahlilchi.

Hizbulloh Suriyaga jangchilarini yuborgani haqidagi xabarlarni rad etsada, Obama ma’muriyati bu boradagi xavotirlarini Rossiyaga yetkazmoqda.

“Mamlakatga ekstremistlar yog’ilib kirishi va Eronning ta’siri natijasida mojaro yanada alanga olishini AQSh ham, Rossiya ham istamaydi”, - deydi AQSh rasmiysi.

Viktoriya Nulandning bildirishicha, isyonchilarga deb yetkazilayotgan qurol-aslaha ekstremistlar qo’liga tushmasligini ta’minlash uchun Vashington ittifoqchi davlatlar bilan yaqin aloqada.

Mavzuga doir yana bir ma’lumot: “Amerika Ovozi” va “Bi-Bi-Si”ning Yaqin Sharqqa ingliz va arab tillarida uzatadigan dasturlariga shu hafta Suriya tomonidan to’siq qo’yilgan. Buzg’unchi signal aynan Suriyadan kelayotgani aniqlangan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG