Obama ma'muriyati Senatga maqsadni tushuntirdi

  • Amerika Ovozi

Barak Obama Oq uyda Kongress yetakchilari bilan fikr almashdi

Barak Obama Oq uyda Kongress yetakchilari bilan fikr almashdi

Prezident Barak Obama Suriyada jangovar amaliyot uchun Kongressdan ruxsat olishiga ishonchi komil.

Amerika rahbari bugun Oq uyda Kongress yetakchilari bilan ko'rishib, Bashar al-Assad kuchlari aholiga nisbatan kimyoviy qurol qo'llagani haqidagi da'volarni muhokama qildi. U qonunchilik organi kelasi hafta boshidayoq masalani ovozga qo'yadi deya umid qilayapti.

Obama Assadga qarshi "tezkor, cheklangan" usulni ishga solish uchun Kongressdan ijozat so'rayapti.

"Bu Iroq yoki Afg'oniston emas", - deydi prezident.

Xalqaro me'yorlar va qonunlarni pisand qilmagan arboblar uchun saboq bo'lishi kerak bu, deydi Obama.

Qo'shma Shtatlar Suriya muxolifatini suyab yuborishga doir keng ko'lamli strategiyani ko'rib chiqayapti.

“Diplomatik, iqtisodiy va siyosiy vositalarni ishga solishimiz lozim. Toki, o’tish jarayoni silliq kechib, Suriyada va butun regionda tinchlik, barqarorlik qaror topsin”, - dey Obama.

"Amerika qaror qabul qilishi lozim. Bir xalq, bir davlat sifatida ish tutsak, undan-da ma'qul. Assad qilgan qilmishlari uchun javob berishi lozim", - deydi prezident.

Oq uyda yopiq eshiklar ortida o'tgan uchrashuv ketidan prezident demokrat va respublikachi yetakchilar qo'llab-quvvatlovini olganini aytdi.

Quyi palatada Respublikachilar lideri Jon Beyner so’zlariga ko’ra, AQSh Assadni to’xtatish salohiyatiga ega va ommaviy qirg’in qurolini ishlatilgan boshqa davlatlarga ogohlantirish berishi darkor.

Beyner prezidentni Kongressdan, ya'ni Amerika xalqidan ruxsat so’ragani uchun olqishladi.

Vakillar palatasida demokratlar sardori Nensi Pelosi nazarida Suriyada kimyoviy qurol qo’llangani insoniylikka ziddir. Amerika chora ko'rishi lozim, deydi u.

Senat Razvedka qo’mitasi raisasi Dayan Faynstayn, demokrat arbob, Obamaning rejasini to’liq yoqlayapti.

Bugun Davlat kotibi Jon Kerri, mudofaa vaziri Chak Xeygl va Qurolli kuchlar bosh shtabi rahbari, general Martin Dempsi Senat Tashqi aloqalar qo’mitasi oldida so’zlab, qonunchilarning savollariga javob berdi.

"Obama ma'muriyatining sukut saqlashi dahshatli oqibatlarga yetaklashi aniq. Shimoliy Koreya va Eron kabi ommaviy qirg'in quroli sohiblari biz nima qilishimizni diqqat bilan kuzatayapti. Hozir chora ko'rmasak, bizga bo'lgan ishonch yemiriladi, kelgusida AQShning ittifoqchilari safi siyraklashadi", - deydi Kerri.

Obamaning maqsadi mavjud rejimni ag'darib, davlatni qaramay-netmay bombardimon qilish emas, deydi Kerri. Asosiy vazifa aynan Assadning kimyoviy quroldan foydalanish salohiyatini nishonga olish.

"Jangovar amaliyot faqat Suriyaning o'zida amalga oshiriladi. AQShning piyoda qo'shinlarini jo'natish haqida gap ketayotgani yo'q", - deydi bosh diplomat.

Davlat kotibi Jon Kerri, mudofaa vaziri Chak Xeygl va Qurolli kuchlar bosh shtabi rahbari, general Martin Dempsi esa Senat Tashqi aloqalar qo’mitasida so’zlamoqda.

Davlat kotibi Jon Kerri, mudofaa vaziri Chak Xeygl va Qurolli kuchlar bosh shtabi rahbari, general Martin Dempsi esa Senat Tashqi aloqalar qo’mitasida so’zlamoqda.


"Shu paytgacha Assad ma'muriyatida Amerika quruq gap bilan cheklanib, amalda hech narsa qilmaydi, degan kayfiyat ustunlik qilib keldi. Bu kayfiyat komil ishonchga aylanishiga yo'l qo'ya olmaymiz. Mintaqadagi ittifoqchilarimiz Isroil, qochqinlar og'irini ko'tarishga majbur Iordaniya buning asorati bilan yuzlashishi aniq", - deydi Kerri.

U Iordaniya, Turkiya, Livan, Iroqdagi suriyalik qochqinlar lagerlarini misol qildi.

"Hozirning o'zida ahvolni og'ir deya etimiz jimirlayapti. Bu manzillar yanada kengayishini hech kim xohlamaydi. Hozirdayoq shu qochqinlar ta'minotining salmoqli qismi AQShning zimmasida ekani hech kimga sir emas", - deydi Davlat kotibi.

Mudofaa vaziri Chak Xeygl so'zlariga ko'ra, Suriya hukumati va armiyasi kuchdan qolayapti.
Asosiy vazifa aynan Assadning kimyoviy quroldan foydalanish salohiyatini nishonga olish.

"Xavfsizlik xizmati, qurolli kuchlar safidan qochayotgan askarlar soni tobora oshib borayapti. Amerika tezkor chora izlar ekan, bu davlat barbod bo'lishiga yo'l qo'yish mumkin emas. Buning oqibatlari butun regionda aks-sado berishi aniq", - deydi Xeygl.

Suriyani havodan o'qqa tutish qarorini yoqlab navbatda turgan davlatlarni ko'rmayapmiz, degan fikrga Kerri javobi shuki, Obama rejasi hali batamom e'lon qilingani yo'q.

"Ammo jahon hamjamiyati orasida Assad hukumatining xatti-harakatiga qarshi e'tiroz tobora kuchayib borayapti", - deydi u.

Suriya muxolifati va ular tarkibidagi radikal diniy kuchlar haqida so'ralganida Kerri shunday dedi:

"Taxminlarga ko'ra, Suriya oppozitsiyasi 80-100 ming kishi atrofida, shundan qariyb 10 ming kishi radikal jangchilar deyiladi. Shu bilan birga, bu jamiyat o'zagi dunyoviy tuzum tarafdorlari. Ular ekstremist diniy kuchlarni rad etishi muqarrar".

Iroqdagi urush va ommaviy qirg'in quroli topilmaganini eslatgan senatorlarga Jon Kerri quyidagicha javob qildi:
Bu Iroq yoki Afg'oniston emas.

"Iroqda ommaviy qirg'in qurolini qidirib, bo'sh qo'l chiqqanimiz rost. Biroq Suriyada kimyoviy qurol borligini bilamiz va bu vosita qo'llandi, mingdan ziyod odam jon berdi. Bu sharoitda Amerika nima qilishga tayyor? Chetda qarab turishimiz mumkin, lekin bu xalqaro hamjamiyat tomonidan ommaviy qirg'in quroli qo'llanishiga qarshi qo'yilgan taqiqqa zid emasmi?" - deya so'raydi AQSh rasmiysi.

Ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, Amerika jamiyati Suriyadagi voqealardan dahshatda, biroq mojaroga aralashishni istamaydi.

Kerrining aytishicha, AQSh va ittifoqchi davlatlar Assad ma'muriyatini javobgarlikka tortmasa, Suriya rahbari undanda qo'rqinchli jinoyatlarni sodir etishda davom etadi.

Suriyaga qarshi harbiy chora ko'rishni boshidan yoqlagan respublikachi senatorlar Jon Makkeyn va Lindsi Grem dushanba Oq uyda prezident bilan uchrashdi.

“Prezident chora ko’raman deb turganida Kongress rad javobi bersa, buning asoratlari qo’rqinchli bo’ladi. AQShning ittifoqchilar va dushmanlari oldidagi qiyofasiga ziyon yetadi, obro’si to’kiladi. Nafaqat Obama ma’muriyati, balki bo’lg’usi prezidentlar ham jabrini tortadi”, - deydi senator Jon Makkeyn.

Hozir chora ko'rmasak, bizga bo'lgan ishonch yemiriladi, kelgusida AQShning ittifoqchilari safi siyraklashadi.
Makkeyn va Grem Obama ma’muriyatini Suriya masalasida tezroq harakat qilmaganlikda, isyonchilarni oldinroq qurol bilan ta’minlamaganlikda ayblab tanqid qiladi.

Senatorlar deydiki, Suriya armiyasi ikki yildirki, Rossiya va Erondan qurol-aslaha olayapti. Kuchlar teng emas.

Bu orada Rossiyaning ikki deputati prezident Vladimir Putin bilan ko’rishib, Vashingtonga delegatsiya jo’natishga, AQShni harbiy choradan qaytarishga undagan.

“Suriyadagi ahvoldan nihoyatda tashvishdamiz”, - deydi Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko.

“BMT Xavfsizlik Kengashi ruxsatisiz, rezolyutsiyasini olmasdan Suriya ishlariga aralashish mumkin emas. Xalqaro qonunlarni oyoqosti qilish bilan barobar bu. Ikki davlat parlamentlari harbiy aralashuvning oldini olish uchun faolroq harakat qilishi kerak”, - deydi deputat.

Putin fikricha taklif o’rinli.

Prezident Obama Oq uydagi bugungi uchrashuvdan keyin Shvetsiyaga yo'l olgan, so'ngra esa Sankt-Peterburgda Katta Yigirmalik sammitida qatnashadi.

Obama sammit paytida yirik davlatlarni Suriya masalasida o'z tarafiga og'dirishga urinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG