Suriyada parlament saylovlari

  • Amerika Ovozi

BMT kuzatuvchilari Suriyada, Hims, 3-may, 2012-yil

BMT kuzatuvchilari Suriyada, Hims, 3-may, 2012-yil

Suriyaga BMT kuztauvchilari kiritilganiga qaramay, hukumat va isyonchilar janglarni bas qilmayapti. Hims, Hamo, Damashq va boshqa hududlarda zo'ravonliklar davom etmoqda.

Ayrim tahlilchilar nazarida kuzatuvchilar sonining ozligi o'ylangan maqsadga erishishni qiyinlashtirmoqda. Biroq missiya rahbari, norvegiyalik general Robert Mudning aytishicha, shunga qaramay ayrim ishlarning uddasidan chiqilmoqda.

"Vaziyat nisbatan yumshadi. Otishmalar, to'p va tanklardan hujumlar kamaygan", - deydi u.

Generalning ta'kidlashicha, missiya ish boshlaganidan bir hafta o'tib, uning iltimosiga ko'ra, olishayotgan tomonlar pozitsiyalaridan chekingan.

Biroq Mud kuzatuvchilar kamligini tan olib, qo'shimcha mutaxassislar safarbar etilmasa, shu kungacha erishilgan yutuqlar qo'ldan boy berilishi mumkin, deydi.

Missiya BMT maxsus vakili Kofi Annan yordamida Suriya hukumati va muxolifati o'rtasida erishilgan sulh ijrosini nazorat qilmoqda.

Rossiya Suriyani qurol bilan ta'minlashdan davom etar ekan, muxolifat G'arbdan uni qurollantirishni so'ramoqda.

General Mud nazarida isyonchilar o'rtasida bo'linish mavjud. Kimdir kuzatuvchilar bilan hamkorlik qilishni lozim topsa, kimdir prezident Bashar al-Assadga qarshi qurolli qo'zg'olonni davom ettirishga chaqiradi.

G'arb Assadni tinch aholini qirayotganlikda ayblar ekan, Suriya rahbari aholi emas, xorijiy terrorchilar bilan olishayotganini aytadi. Shu kungacha G'arb Assad so'zlarini jiddiy qabul qilmagan, biroq mamlakatda jihodchi guruhlar harakatlanayotgani haqida ma'lumotlar paydo bo'la boshlagan.

BMT kuzatuvchilari missiyasi rahbari Robert Mud "buni tasdiqlay olmayman, ammo ajnabiy jangarilar haqida eshitdim" deydi.

"Agar bu haqiqat bo'lsa, hukumat va muxolifat tezroq murosaga kelishi mumkin", - deydi general.

Bugun mamlakatda parlament saylovlari. Oliy majlisdagi 250 o'rin uchun yetti yangi siyosiy partiya kurashmoqda.

Fevral oyida referendumda qabul qilingan yangi konstitutsiya muxolif partiyalar ochishga ruxsat beradi. Ayrim muxolif guruhlar saylovlarni boykot qilishga chaqirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG