Islom konferensiyasi tashkiloti Suriyani safidan chiqardi

  • Amerika Ovozi

Suriyaning Azaz shahri hukumat kuchlari havo hujumidan so'ng, 15-avgust, 2012-yil.

Suriyaning Azaz shahri hukumat kuchlari havo hujumidan so'ng, 15-avgust, 2012-yil.

Islom konferensiyasi tashkiloti Suriyani 57 a’zolik blokdan vaqtincha haydashga qaror qildi. Qo’shma Shtatlar va BMT guruh qarorini olqishlamoqda.

AQSh bayonotida aytilishicha, Islom konferensiyasi tashkilotining bu qadami Bashar al-Assad rejimi yakkalanayotganini tobora oydin qilib ko’rsatmoqda va Suriya xalqining demokratik davlat qurish ishtiyoqiga bo’lgan xayrixohligini namoyish etmoqda.

Makkadagi sammitda tashkilot Bosh kotibi Akmaliddin Ehsono’g’lining aytishicha, a’zo davlatlar Suriyaga qarshi harbiy chorani qo’llab-quvvatlamaydi.

Chorshanba kuni Suriya harbiy samolyoti shimoldagi Azaz shahrini bombardimon qilib, 40 dan ortiq odamni o’ldirgan, yuzdan ziyodi yaralangan. Bu voqea ham tashkilotni shunday qarorga kelishga undagani aytiladi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Suriyada muvaqqat hukumat o’rnatish bilan zo’ravonliklarga chek qo’yish mumkin.

"Masalaga aloqador yirik davlatlar va tashkilotlar Suriyadagi barcha tomonlarga bosim qo’yib, muxolifatni hukumatga qarshi qurolli kurashga da’vat etishdan o’zlarini tiyishi kerak. Assad muvaqqat hukumat taklifiga ko’ngan, muxolifat ham shunday qilishi lozim, biroq hozircha buni ko’rmayapmiz", - dedi Lavrov.

Rossiya tashqi ishlar vaziri iyun oyida kelishilgan va olti punktdan iborat Jeneva bitimiga ishora qilmoqda. Hujjat muvaqqat hukumatda Assadning roli qanday bo’lishi haqida lom-lim demagan. Suriya muxolifati nazarida Assadni hokimiyatga umuman yaqinlashtirmaslik kerak.

Bugun BMT Xavfsizlik Kengashi Suriyadagi vaziyat xususida majlis qiladi. Yakshanba kuni tashkilot kuzatuvchilari mandatining amal qilish muddati yakunlanar ekan, missiya kelajagi muhokamada bo’ladi.

BMTning gumanitar masalalar bo’yicha mas’ul rasmiysi Valeri Amosning aytishicha, zo’ravonliklar bois ikki yarim milliongacha suriyalik yordamga muhtoj.

"Barcha tomonlar aholini himoya qilish uchun zarur choralarni ko’rishi lozim. Gumanitar ahvol tobora yomonlashmoqda. Bir million odam uyini tashlab qochgan. Mojaroning iqtisodiyot va odamlar turmush tarziga salbiy ta’siri kuchayar ekan, yana bir million odam tezkor yordamga muhtoj", - deydi BMT rasmiysi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG